YAYLOV
YAYLOV — chorva mollari erkin (haydab) boqiladigan o’tzor. Tabiiy va ekma o’tzorlar mavjud. Tabiiy Yaylovda, asosan, ko’p yillik o’tlar va chala butalar o’sadi, madaniy ya.ga esa bir va ko’p yillik dukkakli, boshoqli o’tlar urug’i aralashtirib ekiladi. Yaylov chorva mollari uchun eng arzon va qimmatli ko’k ozuqa manbai. Mollar Yaylovda boqilganda bog’lab (og’ilda) parvarish qilinganiga qaraganda mahsuldorligi 25-40% ortadi, mahsulotining sifati yaxshilanadi. Geografik zonallik va vertikal zonallik qonuniyatlariga qo’ra, shimoldan janubga tomon va tekislikdan tog’larga ko’tarilgan sari o’t qoplami turi va tabiiy-iqlim sharoitlari ham o’zgarib boradi. Shu sababli Yaylovlar quyidagicha tavsiflanadi: tundra; o’rmon; o’rmondasht; dasht; chala cho’l; cho’l; tog’zonalari (Su- Balp — dengiz sathidan 1800-2800 metr balandlikda va Alp — dengiz sathidan 2800-3400 metr balandlikda) Yaylovlari. O’zbekistonda qoramol, qo’yechki podalari, ot uyurlari adir va tog’li zonalarda mavsumiy — erta bahordan kech kuzga qadar, tuya, Qorako’l qo’ylari cho’l zonalarida yil bo’yi Yaylovlarda boqiladi. Madaniy Yaylovlar yaratishda Qoraqum, Qizilqum cho’llarida qora saksovul, izen, Qandim, qo’ng’irbosh, chogon, kamforosma kabi cho’lyaylov ekinlari ekiladi. Tabiiy Yaylovlar hosildorligini oshirish uchun ulardan to’g’ri foydalanish va Yaylovlar holatini yaxshilash choralari ko’riladi. Buning uchun har yili mollar boqiladigan Yaylovlar almashtiriladi; o’t ham navbat bilan o’riladi; o’tzorlar o’g’itlanadi; zararli va zaharli o’tlarga qarshi kurashiladi. O’zbekistonda jami pichanzorlar maydoni 112 ming gektar, Yaylovlar maydoni 22,15 million gektar bo’lib, uning asosiy qismi cho’l va tog’li hududlarda joylashgan, shundan 19,4 million gektar Yaylov suv bilan ta’minlangan (2001).