YAZIGLAR
YAZIGLAR — sarmat qabilalaridan biri. Markazi Shimoliy Azov bo’yi sohillari bo’lgan ko’chmanchilarning Yirik harbiy-siyosiy ittifoqini barpo etganlar. Yaziglar Volga bo’yi va Uraloldi mintaqalarida yashab, miloddan avvalgi 2-asrdan G’arbga yangi yaylovlar izlab siljiganlar. Yaziglar xo’jaligi asosini ko’chmanchi chorvadorlik tashkil qilgan. Strabonnning yozishicha, Yaziglar dastlab Azov dengizi bo’ylarida, so’ngra Dneprning g’arbidagi hududda yashashgan. Yaziglar roksolanlar bilan birga Rim imperiyasiga qarshi kurashgan sarmat qabilalari orasida eng faollari bo’lishgan. Bu qabilalar Dunay bo’yi viloyatlariga ham hujumlar qilganlar. Miloddan avvalgi 69 yil qishida ular Myoziyaga bostirib kirib u yerdagi Rimning 2 kogortasini tormor keltirganlar. Kelasi yili yana chopqun qilishgan, lekin bu safar yengilganlar. Milodiy 1-asr o’rtalarida Yaziglar Dunay va Tisa daryolari oralig’ida yashashgan. Yaziglarning bir qismi Rim imperiyasi chegaralariga yaqin yerda o’troqlashgan va milodiy 2-asrda Pannoniyaga kelib joylashgan. Yaziglar qoldiqlari ilk o’rta asrlarda Markaziy Yevropaning boshqa xalqlariga aralashib ketishgan.