YELKA OYOQLILAR

YELKA OYOQLILAR (Brachiopoda) -umurtqasiz hayvonlar tipi, dengizlarda o’troq hayot kechiradi. Tanasi pushti rang ikki pallali ohak chig’anoq bilan qoplangan. Chig’anog’ining uzunligi 10 santimetrgacha. Chig’anoq pallalari maxsus o’siklar yoki faqat muskullar yordamida tutashgan. Tanasi chig’anoq bo’shlig’ining keyingi qismida joylashgan, chig’anoqning oldingi kengaygan qismida teri o’simtalari, ya’ni kipriklar bilan qoplangan “qo’llar” bor. Kipriklar harakati tufayli mantiya bo’shlig’iga suv kirib turadi. Og’iz bo’shlig’i “qo’llar”ning asosida joylashgan. Ayrim Yelka oyoqlilarda ko’richak mavjud. Tana bo’shlig’i ikkilamchi, yuragi, qon tomirlari, halqum oldi nerv halqasi va nerv tolalari bor. Ayrim jinsli, lichinkasi troxofora. Boltiq, qora va Kaspiy dengizlaridan tashqari hamma dengizlarda yashaydi. Yelka oyoqlilar — qadimgi hayvonlar, kembriy davridan ma’lum. 280 dan ortiq turi tarqalgan. Yelka oyoqlilar paleozoyning stratigrafiyasida muhim ahamiyatga ega.