YELKADA KURASH

YELKADA KURASH — milliy yoshlar o’yini. O’zbek kurashidan kelib chiqqan. O’yinning oddiy kurashdan farqi — musobaqa faqat tepada, yelka (“ikkinchi qavat”)da bo’ladi. Kurashni faqat yelkadagi o’yinchilar olib boradi, pastdagi o’yinchining vazifasi elkadagi odamning tizzalaridan mahkam ushlab unga ko’maklashishdan iborat. Kurashda kim birinchi bo’lib raqibini to’shakka yoki yerga ag’darib tushirsa o’sha g’olib hisoblanadi. Agar ikkala kurashchi baravar ag’darilib tushsa, qaytadan kurashishi lozim. Bu o’yin maysazorda yoki to’shaklar to’shalgan sport zalida o’tkazilishi mumkin. Raqiblar jamoalarga bo’linib ham musobaqalashadilar. Yelkada kurash “Alpomish o’yinlari” festivali musobaqalariga kiritilgan. Yelkada kurash o’yini bolalar va yoshlarning jismoniy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.