YELTSIN BORIS NIKOLAYEVICH
YELTSIN BORIS NIKOLAYEVICH (1931.1.2, Sverdlovsk viloyati Talisa tumanining butka qishlog’i) — Rossiya Federatsiyasining birinchi prezidenti (1991 yil 12 iyundagi umumiy saylovda saylangan; 1996 yil 3 iyulda ikkinchi muddatga saylangan). Dehqon oilasida tug’ilgan. Ural (Sverdlovsk) politexnika institutini tugatgan (1955). 1955 yildan qurilish tashkilotlarida ishlagan. 1963 yildan Sverdlovsk uysozlik kombinatida bosh muhandis, direktor. 1968 yildan KPSS Sverdlovsk viloyat qo’mitasi qurilish bo’limi mudiri, kotibi. 1976 yildan Sverdlovsk viloyat qo’mitasining birinchi kotibi, 1985 yildan KPSS MK kotibi, KPSS Moskva shahar qo’mitasi birinchi kotibi. 1986 yildan KPSS MK siyosiy byurosi a’zoligiga nomzod. MKning 1987 yil oktabr Plenumidagi tanqidiy chiqishidan so’ng Moskva shahar qo’mitasi birinchi kotibligidan olib tashlandi, so’ng KPSS MK Siyosiy byurosidan chiqarildi; SSSR Davlat qurilish qo’mitasi raisining birinchi o’rinbosari — SSSR vaziri etib tayinlandi. 1989 yil demokratik kuchlar ko’magida SSSR xalq deputati etib saylandi. 1990 yil KPSS safidan chiqdi. 1990-91 yillarda RSFSR Oliy Kengashi raisi. 1991 yil iyundan 2000 yilgacha Rossiya Federasiyasi prezidenti. 1991 yil avgustda Favqulodda holat bo’yicha davlat qo’mitasi faoliyatiga qarshilik ko’rsatishga boshchilik qildi. 1991 yil dekabrda Ukraina va Belorussiya rahbarlari bilan birgalikda SSSRning tugatilganligi va MDHning tuzilganligi to’g’risidagi Belaya Veja pushchasi bitimini imzoladi. 1999 yil 31 dekabrda Rossiya Federatsiyasi prezidenti lavozimidan muddatidan ilgari iste’foga chiqdi. “Mavjud masala yuzasidan dil izhori” (1990), “Prezident xotiralari” (1994) kitoblari muallifi.