YEM
YEM — 1) mollarga beriladigan to’yimli ozuqa. Chorvachilikda suli, arpa, makkajo’xori, oq jo’xori, bug’doy, qora bug’doy, soya, vika, no’xat donlari va boshqalar Yem o’rnida ishlatiladi. Yem bo’ladigan donlar tarkibida 75% gacha uglevodlar, 12% protein, 2-5% yog’, 1-4% mineral moddalar hamda V guruhiga mansub vitaminlar mavjud. 100 kilogramm Yemda 38-133 ozuqa birligi, 6,7—14,2 kilogramm hazm bo’luvchi protein bor. Barcha hayvonlar va parrandalarga Yem aralash yem va yem aralashmasi ko’rinishida beriladi. Yemning to’yimliligini oshirish maqsadida kepak, kunjara, pivo, spirt, shakar zavodlari chiqiti, baliq uni, go’sht uni, go’sht-suyak uni, qon uni va boshqalar Yemga aralashtiriladi yoki boshqa turdagi ozuqalarga Yem aralashtirib tert qilinadi. Yem yengil hazm bo’lishi uchun maydalanadi, tuyiladi, tegirmonda un qilib tortiladi, achitiladi va hokazolar. Mog’orlagan, qo’lansa hidli, qora yoki qo’ng’ir tusdagi, rangi aynigan, zaharli moddalari bo’lgan don va don mahsulotlarini Yem o’rnida ishlatib bo’lmaydi; 2) ot oyoqlarida hosil bo’ladigan chiqiq, shish kasalligi (“Yem tushishi”).