YEM-XASHAK BRIKETLARI

YEM-XASHAK BRIKETLARI – taxtacha ozuqa, taxtacha (briket) ko’rinishida presslangan ozuqa. Dag’al xashaklar (pichan, somon va boshqalar) yoki mineralli, vitaminli yoki boshqa qo’shimchalar qo’shilgan kontsentrlangan ozuqalar (kunjara, shrot va boshqalar), shuningdek, bu ozuqalar aralashmalaridan tayyorlanadi. Ozuqalar briketlanganda isrof bo’lishi kamayadi, omborxonalarda kam joyni egallaydi, ozuqa to’la iste’mol bo’ladi, tashish qulaylashadi. Briketlashda biriktiruvchi va ta’mini yaxshilovchi komponent sifatida mellassadan foydalaniladi. Yem-xashak briketlari zichligi 500-700 kg/m3; uzunligi 70 mm, kesimi 30— 60 mm, namligi 9-15%, uqalanishi ko’pi bilan 15% qilib ishlab chiqariladi. Barcha to’yimli va biologik faol moddalar bilan boyitilgan bo’lib, hayvonlar turi, jinsi, yoshi, fiziologik holati va mahsuldorligiga qarab alohida reseptlarda ishlab chiqariladi. Ularni quruq holida, maydalab yoki ivitib mollarga berish mumkin. Briketlarni tayyorlashda maxsus yem-xashak briketlash mashinalari qo’llaniladi. Ad.: Qishloq xo’jalik hayvonlarini oziqlantirish, T., 1999.