YEM-XASHAK TO’YIMLIGI

YEM-XASHAK TO’YIMLIGI – yem-xashakning hayvon organizmini zarur oziq moddalar va energiya bilan ta’minlay olish darajasini ifodalaydigan sifat ko’rsatkich. Har qanday ozuqaning to’yimliligi ozuqa birligi bilan o’lchanadi hamda ozuqa tarkibidagi hazm bo’ladigan oqsil, organik va mineral moddalar, mikroelementlar, vitaminlar miqdori ham hisobga olinadi. Yem-xashak to’yimligini baholash negizini ozuqaning kimyoviy tarkibi, hazm bo’lishi, mahsuldorlikka ta’sirini aniqlash (suv, quruq modda, protein, yog’, kletchatka, azotsiz ekstrakt moddalar, kul) tashkil etadi va to’yimlilik umumiy energetik to’yimlilik va proteinli to’yimlilikka ajratiladi. 1933 yildan har xil ozuqalarning to’yimliligiga baho berishda 1 kilogramm o’rtacha sifatli suli doni to’yimligi qabul qilindi. 2005 kkal almashinuvchi energiya bir energetik ozuqa birligi sifatida qabul qilingan. Almashinuvchi energiya — bu ozuqa tarkibidagi organik moddalarning hayvon organizmida hazm bo’lib, qon va limfalarga singgan qismi energiyasidir. 1 kilogramm ozuqa birligi 10,5 MJ (megajoul)ga teng (1 kaloriya = 4,18 Joul). Yem-xashak to’yimligi asosida ozuqa rasioni tuzishda maxsus jadvallardan foydalaniladi.