YENGIL SANOAT

YENGIL SANOAT — xilma-xil xom ashyodan keng iste’mol mahsulotlari va buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat tarmoqlari majmui. Yengil sanoatda xom ashyoga ham dastlabki ishlov berish, ham tayyor mahsulot ishlab chiqarish amalga oshiriladi. Yengil sanoatda paxta, ipak, zigir, kanop, jut tolalari, hayvonlar terisi, juni, sun’iy tolalar, sun’iy charm xom ashyo sifatida foydalaniladi. Uning asosiy tarmoqlari to’qimachilik, tikuvchilik, ko’nchilik, mo’ynado’zlik, poyabzal sanoatlari hisoblanadi. Yengil sanoat mahsulotlari, shuningdek, mebelsozlik, aviatsiya, avtomobil, oziq-ovqat va boshqa sanoat tarmoqlarida, qishloq xo’jalik, transport, sog’liqni saqlash va boshqa sohalarda ishlatiladi. Yengil sanoat yirik fabrika industriyasining tarmog’i tarzida 18-asrning 2-yarmida barpo qilindi. Yengil sanoatning qadimgi tarmoqlaridan biri bo’lgan to’qimachilik sanoatida texnika taraqqiyoti to’qimachilik sanoatining kapitalistik manufaktura bosqichidan yirik mashinalashgan industriya bosqichiga o’tishi uchun baza yaratgan 18-asrdagi ulkan kashfiyotlar bilan bog’liq. Lekin qo’lda paxta va jundan ip tayyorlash va to’qish, charmdan poyabzal tikish uchun terini qayta ishlashning oddiy usullari Hindiston, Xitoy, Misr, O’rta Osiyoda miloddan avvalgi bir necha asr ilgari ma’lum bo’lgani tarixiy adabiyotlarda qayd etilgan va arxeologik topilmalar bilan tasdiqlangan. Hozirgi O’zbekiston hududida 19-asrning oxiriga qadar xo’jalik taraqqiyoti xonaki, kosibchilik, hunarmandchilik ishlab chiqarishidan iborat edi. Sanoat usulida ishlab chiqarilgan kiyim-kechak, poyabzal, trikotaj mahsulotlari, gazmollar asosan Rossiyaning Markaziy shaharlaridan olib kelingan, chetga, asosan Rossiyaga paxta tolasi, xom ipak, teri va boshqa xom ashyo turlari chiqarilgan. O’zbekistonda Yengil sanoat mahsulotlarini sanoat asosida ishlab chiqarishga 19-asrning oxirida, 1874 yilda Toshkent shahrida paxta tozalash zavodi qurilishi bilan asos solingan. 20-asr boshlarida Yengil sanoat sohasi asosan paxtani qayta ishlash korxonalaridan iborat bo’lib, yalpi sanoat mahsulotining qariyb 4/5 qismi shu sohaga to’g’ri kelgan. 1920-yillardan paxta tozalash zavodlari, pillakashlik, yigiruv-to’quv, tikuvchilik, charm-galantereya, poyabzal fabrikalari qurila boshladi, respublikaning o’zida yetishtirilgan xom ashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish maqsadlarida mayda tarqoq hunarmandlarni birlashtirib, sanoat asosi yaratildi. 1926 yilda Toshkentda “qizil tong” tikuvchilik fabrikasi, 1927 yilda Toshkent poyabzal fabrikasi, 1928 yilda Toshkent ko’n zavodi, 1926 yilda Farg’ona tikuvchilik fabrikasining birinchi navbati (10000 urchuq va 300 to’quv dastgohi) ishga tushirildi. Farg’ona (1927), Samarqand (1927), Buxoro va Marg’ilon (1928) pillakashlik fabrikalari, Samarqand shoyi to’qish fabrikasi (1930) ishga tushirilishi bilan O’zbekistonda ipakchilik sanoati poydevori yaratildi. 1937 yilda to’qimachilik sanoati gigantlaridan biri — Toshkent to’qimachilik kombinati ishlay boshladi. 2-jahon urushigacha bo’lgan davrda trikotaj sanoati tarmog’ida Qo’qon ip yigiruv-paypoq to’quv kombinati, Farg’ona va Toshkentda trikotaj buyumlari fabrikalari ishga tushirildi. Urushdan keyingi yillarda Yengil sanoat tarmoqlari yanada rivojlandi, bu sanoatning texnika bazasi takomillashtirildi. 60-yillarda respublikada trikotaj ishlab chiqarish ancha taraqqiyotga erishdi, Toshkent “Malika” trikotaj ishlab chiqarish birlashmasi, Andijonda ichki trikotaj buyumlari fabrikasi qurildi. 70-80-yillarda Xivada gilam kombinati, Buxoro to’qimachilik kombinatining 1-navbati, Andijon to’qimachilik kombinati, viloyatlarning kichik shaharlari va tuman markazlarida nisbatan kichik quvvatli yigiruv, to’quv, yigiruv-to’quv fabrikalari ishga tushirildi. Respublikada Yengil sanoatning eng yangi sohasi bo’lgan chinni va fayans buyumlari Toshkent (1952), Samarqand (1970), Kuvasoy (1978) chinni zavodlari, Angren keramika kombinati (1967)da ishlab chiqariladi. O’zbekistonning mustaqillikka erishishi bilan Yengil sanoat tarmoqlari yangi sifat bosqichiga ko’tarildi. Respublika hukumati qaroriga ko’ra tarmoqdagi deyarli hamma korxonalar davlat tasarrufidan chiqarish dasturiga ko’ra ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyatlariga va mulkchilikning boshqa shakllariga aylantirildi. 1991 yilda respublika yengil sanoati vazirligi tugatilib, uning negizida majmuada davlat boshqaruvini amalga oshiradigan, Yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqaradigan davlat uyushmasi — “O’zbekengilsanoat”, 1998 yil 30 martda pillachilik va ipakchilik tarmoqlariga rahbarlikni amalga oshiradigan “O’zbek ipagi” uyushmasi tashkil qilindi. 2000 yil 4 martda ko’n-poyabzal sanoati korxonalari “O’zbekcharmpoyabzal” uyushmasiga birlashdi. 1991-2000 yillarda tarmoq bo’yicha 22 loyiha amalga oshirildi, jumladan Koreya Respublikasining “kabul Tekstaylz” firmasi ishtirokida Toshkent va To’ytepa shaharlarida joylashgan “Kabul-O’zbek ko” (quvvati yiliga 47,0 ming tonna yigirilgan paxta ip va 24 million metr gazlama), Farg’ona to’qimachilik kombinatini qayta jihozlash asosida “KabulFarg’ona K°” (loyiha qiymati 110 million AQSh dollari) qo’shma korxonalari ishga tushirildi. Namanganda Turkiyaning “Aston” firmasi bilan hamkorlikda “Asnam tekstil” (quvvati yiliga 30,2 ming tonna yigirilgan ip), “timas” va “TIMI” firmalari bilan “Kosonsoy-Tekmen” (yillik quvvati 4,2 million metr jun va movut gazlamalar) qo’shma korxonalari, Qarshida “Pashtete”, Gurlanda “Gurlanteks”, Andijonda “Anteks” to’qimachilik majmualari va boshqalar qurildi va ishga tushirildi (ularning yillik quvvati 18,0 million dona tikuvchilik va trikotaj buyumlari). “Farg’onapoyabzal” aktsiyadorlik jamiyati bilan Germaniyaning “Salamander” firmasi ishtirokida “O’zsalaman” qo’shma korxona ishga tushirildi (1995, yillik loyiha quvvati 500 ming juft poyabzal). Hozirgi davrda O’zbekiston Yengil sanoat ko’p tarmoqli industrial majmua bo’lib, uning tarkibida paxta tozalash zavodlari, to’qimachilik, trikotaj, pillakashlik, shoyi to’qish, tikuvchilik, ko’n-poyabzal, gilamchilik, chinni-fayans buyumlari va attorlik mollari ishlab chiqarish sohalarida 150 ga yaqin korxona bor. Shulardan 14 ta en 1994-2000 yillarda chet el kapitali ishtirokida tashkil qilingan qo’shma korxonalardir [(bu korxonalar tarmoqda ishlab chiqarilgan umumiy mahsulot hajmining 20,6% ni, eksportga chiqarilgan mahsulot hajmining 88,1% ni beradi (2000)]. Respublika sanoat mahsuloti umumiy hajmida Yengil sanoat hissasi eng katta salmoqqa ega va 2000 yilda 20,1% ni tashkil qildi (1995 yilda 19%). “O’zbekyengilsanoat” davlat uyushmasi tomonidan respublika Yengil sanoatni rivojlantirishning 2000 — 2005 yillarga mo’ljallangan dasturi ishlab chiqilgan. Dasturda O’zbekistonga chetdan ilg’or texnologiyani keltirish, chet el investitsiyasini jalb etish, bank kreditidan foydalanib yangi zamonaviy korxonalar qurish, jahon bozoriga raqobatbardosh mahsulotlar chiqarish, eksport imkoniyatlarini oshirish va boshqalar belgilangan. Dasturga ko’ra 2000-2005 yillarda ipgazlama tarmog’ida 33 ta korxonani qayta jihozlash, 17 korxonani qurib bitkazish, tikuvchilik-trikotaj tarmog’ida 5 korxonani qayta jihozlash, 1 korxonani qurib tugallash mo’ljallangan. Respublika hududida qayta ishlanadigan paxta tolasi hajmi 1999 yildagi 110,2 ming tonnadan 2005 yilda 476,4 ming tonnaga yetkaziladi, ip gazlama ishlab chiqarishni 1,8 marta, gilam ishlab chiqarishni 2,7 marta, trikotaj matolarini 2,9 marta, tibbiyot momig’ini 30,9 marta, trikotaj buyumlari ishlab chiqarishni 1,5 marta ko’paytirish ko’zda tutiladi, qo’shimcha 37,7 mingdan ortiq yangi ish o’rinlari tashkil etiladi. Yengil sanoat tarmoqdaridagi ilmiy-texnologik, loyihalash, konstruktorlik muammolari bilan “Yengilsanoat” loyiqa instituti (Toshkent), “shoyi” tadqiqot inti (Marg’ilon shahri) va uning Toshkentdagi sho’basi, Respublika kiyimlar modellari uyi, Respublika poyabzal modellari uyi, Respublika trikotaj mahsulotlari modellari uyi va boshqalar shug’ullanadi. Tarmoqdardagi korxonalar uchun injener-texnik kadrlar Toshkent to’qimachilik va yengil sanoati instituti va uning sho’balari, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent politexnikumi va viloyatlardagi kollejlarda tayyorlanadi. Yengil sanoat jahondagi ko’pgina mamlakatlarda, jumladan Italiya, Frantsiya, Chexiya, AQSh, va boshqalarda g’oyat taraqqiy etgan va shu mamlakatlar eksportida muhim o’rinda turadi. Nuriddin Musayev, Erkin Alimboyev.