YER HUQUQI
YER HUQUQI — huquqning yer munosabatlarini tartibga soluvchi sohasi. Yer munosabatlari yerdan foydalanish, ayrim turdagi yerlarning huquqiy tartibi, yer tuzish va hokazolarni o’z ichiga oladi. Fuqarolik huquqi normalari Yer huquqining o’zagini tashkil etadi. Yer huquqida, shuningdek, ma’muriy va ekologiya huquqi normalari ham muhim ahamiyatga ega. Yer huquqining normativ ququqiy asosini O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Yer kodeksi, Yer kadastri to’g’risidagi, “Qishloq xo’jalik kooperativlari (shirkat xo’jaligi) to’g’risida”gi, “fermer xo’jaligi to’g’risida”gi, “dehqon xo’jaligi to’g’risida”gi qonunlar tashkil etadi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko’ra, yer umummilliy boylik, u davlat muhofazasida bo’lib, yerdan oqilona foydalanish talab etiladi. Yerga egalik qilish O’zbekiston Respublikasi Yer kodeksiga ko’ra, xususiy mulk, doimiy yoki vaqtinchalik foydalanish, ijara, bir umrlik meros qilib qoldiriladigan egalik huquqi asosida amalga oshiriladi. Yer huquqi ma’lum tizimga ega. Bu tizim umumiy, alohida va maxsus qismlarga bo’linib, ular bir qancha tartibotlardan iborat. Yer huquqining umumiy qismi tartibotlari fan tarmog’i va qonunchilikning rivojlanishi uchun asos bo’ladigan eng muhim holatlar, qoidalar yoki tamoyillarni aks ettiradi. U yerga nisbatan mulk huquqi, yer uchastkalariga bo’lgan huquq, davlat boshqaruvi, yer tuzish va yer kadastrini yuritish, yerni huquqiy muhofaza qilish, yer qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik kabi tartibotlarni o’z ichiga oladi. Yer huquqining alohida qismiga qishloq xo’jaligiga mo’ljallangan yerlar, aholi punkti yerlari, sanoat, transport, mudofaa yerlari, alohida muhofaza etiladigan hududlar yerlari, o’rmon fondi, suv fondi yerlari, zaxira erlar tartibotlari kiradi. Yer huquqining maxsus qismida chet davlatlar Yer huquqi to’g’risida ma’lumot berilishi mumkin. Muhammadi Usmonov.