Yerning andozasi bo’lmish globusni hammangiz ko’rgansiz. Globusda yer shari qiya holda tasvirlanadi. Yerning o’qi haqiqatan ham qiya va bu biz uchun katta ahamiyatga ega. Faqat yerning o’qi globus yoki velosiped g’ildiragiga o’xshar ekan, deb o’ylamang. Yerning o’qi to’g’ri chiziqdir, uni xayolan Shimoliy va Janubiy qutblar o’rtasidan o’tkazish mumkin.
Yerning o’qi qiyaligi tufayli ham biz yashab turgan joyda fasllar almashadi, yoz o’rniga kuz, kuz o’rniga qish, qish o’rniga bahor va bahor o’rniga yoz keladi.
Bunga ishonch hosil qilish uchun quyidagicha tajriba o’tkazing: bitta globus va stol chirog’i oling. Unda yerni globus, stol chirog’ini esa Quyosh deb faraz qiling. Agar siz globus ushlagan qo’lingizni chiroq atrofida aylantirsangiz, Quyosh Janubiy va Shimoliy yarim sharlarni bir xil yoritmayotganini ko’rasiz. Shimoliy yarim sharga ko’proq yorug’lik tushganda, u yerda yoz, Janubiy yarim sharda qish bo’ladi. Janubiy yarim sharda yoz bo’lganda, Shimoliy yarim sharda qish bo’ladi.
Globus va chiroq tun va kun almashinuvini tasavvur qilishingizda ham yordam beradi. Endi globusdan o’zingiz yashadigan joyni toping-da, u yerga to’g’nog’ichni qadab qo’ying. Globusni chiroq atrofida aylantirganingizda, siz yashayotgan joyda goh tun, goh kunduzi bo’lganini ko’rasiz. 360 gradus burilishi bu yerning o’z o’qi atrofida to’liq bir marta aylanib chiqishi uchun 23 soat 56 minut 4,091 sekund vaqt ketadi. Ming yillar davomida yerning aylanish tezligi hech qachon o’zgarmagan, doimiydir, degan qarash mavjud edi. Ammo, bir oz bo’lsa-da, og’ish, baribir, kuzatilgan. Dengiz suvining ko’tarilishi bilan bog’liq ishqalanish va yer qobig’ida ro’y berayotgan o’zgarishlar natijasida kun har yuz yilda sekundning mingdan bir ulushiga uzayib bormoqda. Olimlar bu o’ta oz o’zgarishlarni ham kuzatib, o’lchab turishibdi. Yer, shuningdek, Quyosh atrofida ham aylanadi. U o’z orbitasining ayrim nuqtalarida boshqa sayyoralarga nisbatan Quyoshga yaqinroq boradi. Uning Quyoshga eng yaqin borgan holati “perigey”, undan eng uzoqlashgan holati esa “apogey” deb ataladi. Yer ham boshqa sayyoralar kabi ma’lum orbita bo’ylab Quyoshdan uzoq-yaqinligiga bog’liq tezlik bilan harakat qiladi. Sayyoralar Quyoshga yaqin kelganida tezroq harakat qilishadi. Shunday qilib, ular perigeyda tezroq, apogeyda sekinroq aylanishadi. Yer bilan Quyosh orasidagi masofa har vaqt har xil bo’lgani uchun ham orbita tezligi doimo o’zgarib turadi. Perigeyda yer o’z orbitasi bo’ylab sekundiga 30,2 kilometr, apogeyda esa 29,7 kilometr tezlik bilan harakat qiladi.