YER SOLIG’I

YER SOLIG’I — yerdan foydalanganlik uchun davlatga majburiy to’lanadigan soliq turi. Iqtisodiy mohiyati bo’yicha yer rentasini ifoda etadi. Yerga mulkchilikning paydo bo’lishi bilan yuzaga kelgan. Jahondagi deyarli barcha mamlakatlarda davlat mulki hisoblanadigan yerdan foydalanganlik va fuqarolar mulk yerlari uchun davlat byudjetiga to’lanadi. Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlarida, milodiy 3-asrdan Sosoniylar davlatida joriy qilingan. Keyingi asrlarda zakot, xiroj, o’lpon, tanob, ushr va boshqa nomlar bilan yuritilgan. Musulmon mamlakatlarida yer maydoni birligidan pulda yoki yer sifati hamda suv bilan ta’minlanish darajasiga qarab hosilning 1/4, 1/3, ½ qismi hajmida undirilgan. O’rta Osiyoda 8-asr boshida arablar tomonidan joriy qilingan. Hozirgi O’zbekiston hududida 19-asr boshlaridagi xonliklarda Yer solig’i asosan pul shaklida olingan. Masalan, Buxoro amirligida Amir ixtiyorida mulk yerlari bo’lgan davlat (podsholik) yerlari amlok yerlar deb atalgan, unga ekin ekkan dehqonlar Yer solig’i — xiroj to’laganlar. Yer solig’ini yig’uvchi amlokdor deb atalgan. Xonlardan hadyaga olingan tanho yer egalari davlatga Yer solig’i to’lashdan ozod bo’lgan. O’zbekiston Respublikasida Yer solig’ini o’z mulkida, egaligida va foydalanishida yer uchastkalari bo’lgan yuridik va jismoniy shaxslar to’laydilar. Yer solig’iga doir munosabatlar O’zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga hamda O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo’mitasi tomonidan tasdiqlangan yo’riqnomaga muvofiq tartibga solinadi. Yer solig’ining stavkalari yer uchastkasining qaysi mintaqada joylashgani, sifati va suv bilan ta’minlanishi hisobga olingan holda ishlab chiqiladi va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili inflyatsiya darajasidan kelib chiqib, yer uchastkasining birligiga (ga, m2) so’m hisobida tasdiqlanadi. Noqishloq xo’jaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari uchun ularning qayerda joylashganligi, shahar va shaharchalarda hamda ularning hududlarida infratuzilmalarning rivojlanganiga qarab bo’lingan mintaqalar bo’yicha har xil stavkalar belgilanadi. Qishloq joylari uchun Yer solig’i stavkalari sug’oriladigan va lalmi-yaylov mintaqalari bo’yicha alohida belgilanadi. Qishloq xo’jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari barcha soliqlar o’rniga (alkogol mahsulotlariga to’lanadigan aktsiz solig’idan tashqari) yagona Yer solig’i to’laydilar. Qishloq xo’jalik korxonalarida yer asosiy vosita va yerlarning sifati alohida ahamiyatga ega ekanligini hamda dehqonchilikning rivojlanish darajasini hisobga olib, sug’oriladigan yerlar bonitet ballaridan kelib chiqib, 10 sinfga bo’lingan. Yer solig’ini hisoblashda bazaviy stavkalarga hukumat tomonidan tasdiqlangan ko’paytirish koeffitsientlari qo’llaniladi. Har bir tuman bo’yicha sug’oriladigan eng past sifatli yerlarga alohida bazaviy stavkalar belgilangan. Masalan, yagona yer solig’i to’laydigan tovar ishlab chiqaruvchilar uchun sug’oriladigan yerlarda 1-sinfga mansub 1 gektar uchun soliqning bazaviy stavkasi Parkent tumanida 986,4 so’m, Zangiota tumanida 1487,5 so’m, Mo’ynoq tumanida 668 so’m qilib belgilangan. Yer solig’ini hisoblashda shu tumanlarda bazaviy stavkalar 5-sinfga kiradigan yerlarga 4,57, 6-sinfga kiradigan yerlarga 6,54, 10-sinfga kiradigan yerlarga 17,5 koeffitsientlariga ko’paytiriladi (2002). Sug’orilmaydigan lalmi va yaylov yerlari yog’ingarchilik bilan ta’minlanganligini hisobga olgan holda tekislik, adir, tog’ va tog’oldi mintaqalariga bo’linadi. Lalmi (masalan, Toshkent viloyatida 1,19— 1,67 koeffitsientlari bilan har gektar uchun 84,4 so’mdan 167,5 so’mgacha) va yaylov yerlarga (cho’l zonalari uchun 16-30 so’m, 1,51—2,05 koeffitsientlari bilan adir va tog’oldi zonalari uchun 25-34,2 so’m) ham alohida soliq stavkalari bor. Qishloq xo’jaligi korxonalari imoratlar egallagan (Toshkent viloyatida bazaviy stavka 13285,6 so’m, koeffisienta 20,44), zovurlar, yo’llar (24,4 so’m/gektar) bilan band bo’lgan va boshqa foydalanilmaydigan yerlari uchun ham Yer solig’ini to’laydilar. Aholini ijtimoiy jihatdan qo’llab-quvvatlash maqsadida jismoniy shaxslarga yer uchastkalarining joylashgan joyiga qarab Yer solig’i stavkalari 10-25 karra kam belgilanadi. Korxonalarning rivojlanishini rag’batlantirish va aholini ijtimoiy jihatdan qo’llab-quvvatlash maqsadida ularning ayrim guruhlariga davlat tomonidan Yer solig’i bo’yicha imtiyozlar berilgan. Yuridik va jismoniy shaxslar Yer solig’ini qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda mahalliy byudjetga to’laydilar. Arzit Latipov.