YER YONG’OQ

YER YONG’OQ, Xitoy yong’og’i (Arachis hupogaea L.) — dukkaqdoshlar oilasiga mansub bir yillik o’simlik, moyli ekin. 10 dan ortiq turi bor. O’zbekistonning sug’oriladigan mintaqalarida oddiy turi ekiladi. Vatani — Janubiy Amerika (Braziliya). 16-asrda Janubiy Amerikadan Osiyoga, so’ng Yevropaga (Xitoydan) tarqalgan. Yer yong’oq Hindiston, Xitoy, Myanma (birma), Yaponiya, Markaziy va Shim. Afrika, AQSh, O’rta Osiyoda ekiladi. Jahon bo’yicha umumiy ekin maydoni 24,7 million gektar, o’rtacha hosildorligi 13,4 tsentner/ gektar, yalpi hosili 33 million tonna (1999). Yer yong’oqning ildizi o’q ildiz, tuproqqa 2 metr chuqurlikga kirib boradi, azot to’plovchi tugunaklar hosil qiladi. Poyasi o’tsimon, balandligi 50-60 santimetr, shoxlangan, tik, yon shoxlari yer bag’irlab o’sadi. Bargi murakkab, juft patsimon, yoki teskari tuxumsimon shaklda. Har bir barg qo’ltig’ida gulto’plam (shingil) joylashgan. Gullari ikki jinsli, kapalaksimon; rangi sariq, zarg’aldoq. Yer tagidagi gullari (kleystogamli gullar) ochilmaydi, o’zidan changlanadi. Yer ustidagi gullari esa chetdan changlanadi. Guli changlangandan keyin tugunchasi avval tik, so’ng pastga qarab o’sadi, 8-10 santimetr chuqurlikda tuproqqa kirib boradi va meva (dukkak) tugadi. Dukkagida 1-6 gacha urug’i bo’ladi. 1000 dona urug’ining vazni 200-1500 gramm (o’rtacha 400-500 gramm). Dukkagi chatnamaydi. Bir tupda 700 gacha dukkak bo’ladi. Yer yong’oq — issiqsevar, namsevar, yorug’sevar va qisqa kun o’simligi. Qumoq va unumli tuproqlarga talabchan, sho’rlangan va botqoqlangan yerlarda yaxshi o’smaydi. Urug’i 12-15° da unib chiqadi, maysasi — g sovuqda nobud bo’ladi. O’suv davri 150-170 kun. O’zbekistonda Yer yong’oq sug’oriladigan yerlarga ekiladi, hosildorligi 20-40 tsentner/gektar. Yer yong’oq mevasi tarkibida 48-66% yog’ va 23-38% oqsil, 22% gacha uglevodlar bor. Urug’i aksariyat qovurilgan (dukkagi bilan yoki tozalanib) holda iste’mol qilinadi. Urug’i va yog’i qandolatchilik mahsulotlari (xolva, konfet) ishlab chiqarishda ishlatiladi. Yer yong’oq tuproqda biol. azot to’plab, tuproq unumdorligini oshiradi. Agrotexnikasi chopiq qilinadigan ekinlarnikiga o’xshash. 2-3 marta haydalib boronalangan maydonlarga bahorda (aprel oxirida) ekiladi. Fosforli va azotli o’g’itlarga talabchan. Urug’i yoki dukkagi makkajo’xori yoki chigit seyalkalarida keng qatorlab (60-70 santimetr) 70×10, 70×15 sxemasida har uyaga 7-8 yoki 4-5 tadan urug’ tashlab 5-7 santimetr chuqurlikka ekiladi. Gektariga 70— 100 kilogramm urug’lik sarflanadi. O’sish davrida 4-6 marotaba sug’oriladi. Qator oralariga ishlov beriladi, o’suv davrida 2-3 marta chopiq qilinadi, ildiz bo’g’zi tuproq b-n ko’milsa hosildorlik ancha oshadi. Navlari: Toshkent 112, Toshkent 32, Perzuvan 4612, Qibray 4. Kasalliklari va zararkunandalari: asosan kasallik va zararkunandalardan kam zararlanadi. O’rgimchakkana xavfli zararkunanda hisoblanadi. Ad.: Vavilov P. P., Rastenievodstvo, M., 1986; Pasipanov G. S, Rastenievodstvo, M., 1997. Halima Otaboyeva.