YERNI MUSODARA QILISH
YERNI MUSODARA QILISH – davlatning yerni egalaridan majburiy ravishda, biron-bir haq to’lamay tortib olishi. Masalan, 18-19-asrlardagi inqiloblar davomida G’arbiy Yevropa mamlakatlarida zamindorlarning yerlari musodara etildi. 1917 yil oktabr to’ntarishi natijasida xam shunday yerlar tortib olinib, davlat (“umumxalq”) mulki deb e’lon qilindi va dehqonlarga foydalanish uchun berildi. 1928— 29 yillardan boshlab esa sobiq Ittifoqda (jumladan O’zbekistonda) dehqon xo’jaliklarini “yoppasiga kollektivlashtirish”, “quloqlarni sinf sifatida tugatish”dan iborat stalincha siyosat yuritildi. Oqibatda o’n minglab o’rta hol va boy dehqonlarning yerlari tortib olinib, jamoa xo’jaliklari ixtiyoriga zo’rlab o’tkazildi. Omilkor dehqonlar yer-suv mulklaridan majburiy tarzda mahrum etilib, ko’plari mamlakatning uzoq joylariga ko’chirib yuborildi. Masalan, 1930 yil oktabr oyiga kelib 115231, 1931 yilda 265795 dehqon oilalari Shimol, Ural, Sibir va Qozog’iston mintaqalariga jo’natildi. 200-250 ming “quloq” o’z oilasi bilan yerini, mulkini tashlab qochib, shaharlarga ko’chib o’tdi. Shu tariqa jami 1 — 1,1 million dehqon xo’jaligi yerlaridan mosuvo bo’lib, butunlay tugatildi.