YERQO’RG’ON
YERQO’RG’ON — qadimgi shahar xarobasi (miloddan avvalgi 9-8-asrlar — milodiy 6-asr). Qarshi shahridan 10 kilometr shimolda joylashgan. Tarixiy manbalarda Baxl, Bolo, Valaam, Nashebolo deb tilga olingan. Yerqo’rg’onda dastlab Turkiston arxeologiya havaskorlari to’garagi a’zolari (L. I. Zimin, I. Kastane), keyinchalik arxeologlar A. I. Terenojkin (1946), S. K. Kabanov (1946-72 tanaffus bilan), ya. G’ulomov (1959-64), M. E. Masson (1963-64) tekshirishlar olib borgan. 1973 yildan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya institutining Qashqadaryo ekspedisiyada qazish ishlari olib boradi. Yerqo’rg’on xarobasi qal’a va shahristondan iborat bo’lib, umumiy maydoni 150 gektar, Burjlar bilan mustahkamlangan 2 qator mudofaa devori bilan o’ralgan. Ichki devori (balandligi 8 metrgacha) beshburchak tarxli bo’lib, taxminan 40 gektar maydonni uragan atrofi xandaq bo’lgan. Unda qal’a, saroy majmuasi, ibodatxona, kulollar mahallasi, turar joylar va boshqa joylashgan. Kulollar mahallasidan bir necha xona, ustaxona qazib ochilgan, uning tagidan eng qadimgi mudofaa devori qoldiqlari topildi (miloddan avvalgi 8-7-asrlar). Ibodatxona tsella (sajdagoh), bir necha kichik xona hamda ayvondan iborat bo’lgan. Shahar ikkinchi qator devorlari ichidan daxma, maqbara, temirchilar mahallasi kavlab o’rganilgan. Qazish vaqtida sopol idish (xum, xumcha, ho’qacha, kosalar, tova, qozon, tog’ora, qadah va boshqalar), diniy marosimlarda ishlatiladigan asboblar, ma’budalarning sopol haykalchalari, Naxshab tangasi (3-6-asrlar), sugd yozuvi namunalari, muxr nusxasi topilgan. Ad.: Isamiddinov M. X., Suleymanov R. X., Erkurgan, T., 1984; Suleymanov R. X., Drevniy Naxshab, T., 2000. Rustam Sulaymonov.