YERTO’LA
YERTO’LA — 1) qadimgi yerni o’yib qurilgan turar joy; boshpana. To’rtburchak, dumaloq shaklda qurilgan, ba’zilari esa yerdan bir oz yuqori ko’tarilib, tomi yog’och bilan, uning ustiga shox-shabba va tuproq tashlab yopilgan; o’rtasida o’choq, devor yonlarida taxta yoki tuproqdan qilingan supachalar bo’lgan. Yuqori paleolit davridan boshlab boshpana sifatida keng foydalanilgan; hozir ham o’zlashtirilayotgan yerlarda, urush harakatlari ketayotgan joylarda uchrab turadi; 2) uylar tagiga yer sathidan 1,5 metr va undan ortiq chuqur qilib quriladigan xonalar. Yerto’ladan mahsulotlar saqlanadigan ombor sifatida va boshqa maqsadlarda foydalaniladi.