YETTI IQLIM
YETTI IQLIM — tarixiy-geografik tushuncha. Yerni yunon va O’rta asr Sharq fanida mintaqalarga bo’lish usuli. Keng ma’noda yerning tabiiy, siyosiy va ma’muriy bo’linishlari tarixiga ham aloqador. Qadimda yer sharini yaxlit tasavvur etish bilan birga, uni ma’lum qismlarga ajratib ham o’rganganlar. Rivoyatlarda Nuh payg’ambar er yuzini 3 qismga ajratib, 3 o’g’liga — shim. dagi o’lkalarni Yofasga, o’rtadagi mamlakatlarni somga va Janubdagi joylarni Homga bergan deyiladi. Qadim zamonning afsonaviy qahramoni Afridun esa, yer yuzini Sharq — G’arb yo’nalishida taqsimlab, uni o’g’illariga belgilabdi: Sharqiy yerlarni turga, o’rtadagi joylarni Erajga va g’arbiy qismni Salimga. Abu Rayhon Beruniyning “Geodeziya” asarida qadimgi eronliklar yerni 7 qismga bo’lib, har bir qismni “kishvar” deb ataganliklari qayd etilgan. Yerni 7 kishvarga bo’lish siyosiy-geografik uslubga asoslangan edi. Ularning tasavvurida 7 kishvar 7 doirada: 1 doira markazda, qolganlari uning atrofida tutash joylashtirilgan. Markaziy doira (to’rtinchi kishvar) dan Iroq, Fors, Jabal, Xuroson, Sijiston, Zabuliston, Toxariston o’lkalari o’rin olgan. Yetti iqlim tushunchasi dastlab yunon fanida vujudga kelgan, o’rta asrlarda musulmon Sharqi ilm-fanida keng tarqalgan. Umuman, “iqlim” istilohi yunoncha “klima”dan olingan va yer yuzining quyosh nurlariga nisbatan qiyaligi degan ma’noni anglatgan. Beruniy “Geodeziya” asarida “ular (yunonlar) odam yashaydigan yerni aniqroq bo’lgan (kecha va kunduz orasidagi) tafovutga muvofiq bir-biriga (parallel) bo’lgan chiziqlar bilan 7 iqlimga bo’lganlar. U chiziqlar Mashriqda ma’mur erlarning eng uzog’idan tortib Mag’ribning oxiriga boradi. Ular birinchi iqlimning o’rtasidan boshlab eng uzuni 13 soat bo’ladigan yoz kuni, ikkinchi iklimning o’rtasini eng uzuni 13 yarim soat bo’ladigan yozning kuniga ilashtirdilar. Shunday qilib, iqlimning o’rtasini yarim soatdan oshirib borib, eng uzuni 16 soat bo’ladigan yoz kuniga ilashtirdilar”, deb yozadi. Ma’lum bo’ladiki, yunonlar erni astronomik uslubda, ya’ni Quyosh nurining yerga qiya tushishi asosida ekvatordan shim. tomonga Yetti iqlimga bo’lganlar va ularning chegaralari eng uzun yoz kuni yarim soatdan farq qiladigan joydan o’tgan. Sharq geografiyasisida yunon fanidagi “yetti iqlim” tushunchasi qabul qilingan. Chunonchi, yunonlar Yetti iqlimga yerning ular tushunchasidagi aholi yashaydigan obod qismini (Sharqiy yarim sharning shim. pallasini) kiritganlar va uni “yeykumena” yoki “oykumena” (Yunoncha “oykeo” — obod qilmoq) deb ataganlar. Sharq geografiyasisida mazkur tushuncha Arabcha “Ma’mura” (obod joylar) yoki “rub’i maskun” (erning odamlar yashaydigan choragi) degan so’zlar bilan ifoda etildi. Dunyoning obod qismi, asosan, Yetti iqlim doirasida joylashgan, deb tushunilgan bo’lsada, uning chegaralariga birmuncha aniqliklar kiritildi, mazmunan boyitildi. Masalan, yunon olimlari Marin tir va Klavdiy Ptolemey oykumenaning chegaralarini Janubda ekvatordan, shimolda 63° sh.k.gacha deb bilganlar. Muxammad ibn Muso Xorazmiy ham Yetti iqlimning Janubiy chegarasini Janubda ekvatordan hisoblagan, lekin shimol nihoyasini 48° sh.k.da ifodalagan. Abu Rayhon Beruniy o’z kuzatishlari va hisob-kitoblari asosida fandagi iqlimlar to’g’risidagi tafovutli fikrlarga barham berdi. Beruniy Yetti iqlimning Janub chegarasini 12° 39′ 5″ sh.k.dan o’tkazdi va undan ekvatorgacha bo’lgan oraliqni “birinchi iqlimning nariyog’idagi yerlar” deb atadi. Keyingi iklimlarni shunga parallel ravishda shimolga davom ettirib, yettinchi iqlimning shimp; chegarasini 50° 24′ 34″ sh.k. gacha yetkazdi. Abu Rayhon Beruniy Yetti iqlim doirasidagi yerlarni obod joylar deb, Yetti iqlimdan shimp;dagi va birinchi iqlimdan Janubdagi ma’lum yerlarni obodonligi nisbatan kamroq yerlar qatoriga kiritdi. Yetti iqlim tushunchasi mohiyatidan yer yuzasini tabiiy-geografik zonalarga bo’lishning dastlabki eng oddiy ko’rinishi bo’lsada, biroq undan ancha farq qiladi. Zero hozirgi tabiat zonalarini aniqlashda relef, iqlim, tuproq, o’simlik va hayvonot olami ham e’tiborga olinadi. Shunga qaramasdan Yetti iqlim tushunchasi Sharq geografiyasida 19-asrgacha saqlanib keldi. Yetti iqlimga bo’lishning o’z davri uchun bevosita ilmiy amaliy ahamiyati bor edi. Qo’lyozmalarda iqlimlar vositasida mamlakatlar, shaharlar va boshqa turli joylarning geografik o’rni ifodalangan. Shahar va qishloqlar ro’yxati tuzilgan, ko’pincha ular ikdimlar tartibida joylashtirilgan. Bunday jadvallar Muhammad ibn Muso Xorazmiyning “kitob surat alarz” (“yer surati”), Abu Rayhon Beruniyning “Al-qonun ul Mas’udiy” (“Ma’sud qonuni”), Ulug’bekning “Ziji jadidi Ko’ragoniy” (“Ko’ragoniy yangi astronomik jadvali”) asarlarida mavjud. Iqlim chiziqlari yoki ko’rsatkichlari xaritalarda ham belgilangan. Omonullo Bo’riyev.