YETTI YILLIK MAKTAB

YETTI YILLIK MAKTAB – to’liqsiz o’rta ma’lumot bergan 7 yillik umumiy ta’lim maktabi. O’zbekistonda 1926/27 o’quv yilidan ochila boshlagan (bungacha faqat rus maktablari bo’lgan). 1928/29 o’quv yili O’zbekistonda 107 Yetti yillik maktab bo’lib (jumladan 47 rus maktabi) ularda 43 ming o’quvchi o’qigan. Bu maktablarni bitirish 1930 yildan boshlangan. “Boshlang’ich va o’rta maktab tizimi haqida”gi qaror (1934 yil 15 may) asosida umumiy o’rta ta’lim maktablari boshlang’ich (1-4 sinf), to’liqsiz o’rta (1-7 sinf) va o’rta (1 — 10 sinf) maktab turlariga ajratilgan. Shuningdek, 1934/35 o’quv yilidan bosqichma-bosqich 7 yillik majburiy politexnika ta’limi ham joriy qilingan. 1934/ 35 o’quv yilidan yirik shaharlarda, 1937/38 o’quv yilidan qishloq joylarda amalga oshirilgan. Yetti yillik maktablarni tugatganlar umumiy o’rta ma’lumot olish yoki o’rta maxsus hamda hunar-texnika o’quv yurtlarida o’qishni davom ettirish huquqiga ega bo’lganlar. 1958 yildan 8 yillik umumiy majburiy ta’lim joriy qilinishi munosabati bilan Yetti yillik maktablar sakkiz yillik maktablarta aylantirilgan.