YEVDOKS KNIDLIK

YEVDOKS KNIDLIK (Eudoxos Knidios) (taxminan miloddan avvalgi 408-355 yillar) — yunon matematigi va astronomi. Miloddan avvalgi taxminan 380 yil Misrga sayohat qilib, u yerda astronomiya va matematika bo’yicha ma’lumotlar to’pladi. Ona yurti Knid shahrida matematiklar va astronomlar maktabini tashkil qildi, rasadxona qurdi, sayyoralar harakatining matematik nazariyasini ishlab chiqishga urindi. Nisbatlar nazariyasini va unga asoslangan oltin kesim qoidasini hamda qamrash usuli deb atalgan usulni yaratdi. Shu usul yordamida piramida hajmi u bilan bir xil asos va balandlikka ega bo’lgan prizma hajmining uchdan biriga teng, degan teoremani isbot qildi. Yevdoks asarlari bizgacha yetib kelmagan.