YEVROPA KENGASHI
YEVROPA KENGASHI (YEK) — Yevropa davlatlarining har tomonlama hamkorlik qilishiga ko’maklashuvchi xalqaro tashkilot. 1949-yil ta‘sis etilgan. YEKning maqsadi: a‘zo mamlakatlar o’rtasida yaqin aloqalarni ta‘minlash; Yevropaning demokratik va xavfsiz makonga aylanishiga, plyuralistik demokratiyani va inson huquqlarini mustahkamlashga, Yevropacha o’zini o’zi anglash va madaniy bir xillikni rivojlantirishga yordam berish. Yevropadagi 40 dan ortiq davlat a‘zo hisoblanadi. YEKga a‘zo bo’lib kirishni istagan davlat muayyan talablarga javob berishi kerak: uning davlat muassasalari va huquqiy tuzilishi demokratiyaning asosiy prinsiplariga, inson huquqlariga rioya etilishiga muvofiq bo’lishi lozim, xalq vakillari esa erkin, teng va umumiy saylovlar yo’li bilan saylanishi kerak. YEKga qabul qilishda, jumladan, fikrni ifodalash erkinligi bo’lishi, milliy ozchiliklar himoyalanishi, xalqaro huquq me‘yorlariga rioya etilishi mezon hisoblanadi. YEK a‘zosi inson huquqlari bo’yicha Yevropa konvensiyasining qatnashchisi bo’lishi shart. YEKning quyidagi organlari bor: 1. Vazirlar qo’mitasi. 2. Parlament assambleyasi. 3. Tarmoq vazirlari kengashi. 4. Kotibiyat. Vazirlar qo’mitasi YEKning oliy organidir. U a‘zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlaridan tashkil topadi va YEKning ish dasturi yuzasidan qarorlar qabul qiladi, turli hukumatlararo ixtisoslashgan qo’mitalar, tarmoq vazirlar kengashlari takliflari bo’yicha qarorlar chiqaradi, YEK budjetini qabul qiladi va inson huquqlari bo’yicha Yevropa komissiyasi a‘zolarini tayinlaydi. Odatda, yiliga ikki marta vazirlar darajasida yig’ilish o’tkazadi. Parlament assambleyasi milliy parlamentlar deputatlaridan tashkil topgan deputatlar va ularning o‗rinbosarlaridan iborat. Assambleya kun tartibida turgan masalalarni muhokama qiladi, tavsiyalar ishlab chiqadi, konferensiya, kollokvium va ochiq parlament majlislarini tashkil qiladi. Bosh kotibni va uning o‗rinbosarini, inson huquqlari bo’yicha Yevropa sudi sudyalarini saylaydi. Kotibiyatni 5 yil muddatga saylanadigan Bosh kotib boshqaradi. YEK organlari Strasburg shahrida (Fransiya) joylashgan.