YEVROVIDENIYE
YEVROVIDENIYE (Yevropa ko’rsatuvi) — Yevropa radioeshittirish uyushmasi doirasida televizion dasturlarni xalqaro ayirboshlash bo’yicha tashkiliytexnik tizim. 1954 yilda tashkil topgan. Yevrovideniyega 50 mamlakatdan 69 televizion tashkilot hal qiluvchi ovoz bilan, 49 tashkilot maslahat ovozi bilan ishtirok etadi (2002). Barcha ko’rsatuvlarni ayirboshlashni Yevropa teleradioeshittirish uyushmasi muvofiqlashtiradi. U 1991 yilning 1 yanvardan Intervideniye xalqaro televizion tarmoq bilan qo’shilib, umumyevropa tashkilotiga aylandi. Uyushma istalgan paytda yer kurrasining istalgan nuqtasidan muhim voqea-hodisalarni olib ko’rsatish imkoniyatiga ega. Uning yo’ldosh tarmog’i orqali qit’adagi barcha poytaxt shaharlar radiotelekanallar bilan o’zaro bog’langan. Yevrovideniyening dasturiy muvofiqlashtirish markazi Jenevada, Texnik markazi Bryusselda. Yevrovideniye dasturining yarmidan ortig’ini kundalik axborot ayirboshlash (1958 yildan) tashkil etadi, ularning asosiy ta’minotchisi Buyuk Britaniya, Germaniya, Frantsiya, AQSh teletashkilotlari. O’zbekiston teleradiokompaniyasi Yevrovideniye bilan o’zaro hamkorlik aloqalarini o’rnatgan. U MDH mamlakatlari orasida Rossiya telekompaniyalaridan keyin ikkinchi bo’lib Yevrovideniyening yo’ldosh aloqa tizimiga to’la ko’lamdagi chiqish va undan foydalanish litsenziyasiga ega bo’ldi (2001). Bu qulaylik O’zbekiston Respublikasiga dunyo miqyosida tezkor axborot ayirboshlash tizimidan foydalanish imkoniyatlarini yaratdi. Anvar Karimov.