YIRTQICH QUSHLAR

YIRTQICH QUSHLAR (Falconiformes) — qushlar eynfining turkumi. Tanasi yirik yoki o’rtacha kattalikda, eng mayda vakili—karlik Lochin qanotining uzunligi 9-10 santimetr; eng yirik Amerika tasqarasining qanoti 115 santimetr, yoyilganida 2,5—3 metr, vazni 8-12 kilogramm. Tumshug’i kuchli rivojlangan, uchki qismi ilmoqqa o’xshash egilgan bo’lib, o’ljasi terisini yirtish va etini uzib olishga moslashgan. Oyoqlari o’rtacha uzunlikda, panjalari kuchli rivojlangan, tirnoqlari o’tkir, ilmoqsimon egilgan. Tirnoqlari yordamida chang solib o’ljasini o’ldiradi va uni ushlab turadi. Yirtqich qushlar ning tumshug’i asosidagi terisi patsiz, ochiq rangli bo’lib, tanasining boshqa qismidan ajralib turadi. Patlari tig’iz bo’lishi, ko’zlari boshining 2 yonida joylashganligi bilan yapaloqqushlardan farq qiladi. Jig’ildoni juda keng, tana vaznining deyarli yarmiga teng keladigan oziqni sig’diradi. Ko’pchilik turlari monogam. Tuxumdan chiqqan jo’jasining ko’zi ochiq, tanasi pat bilan qoplangan bo’lsa ham uyada uzoq vaqt yashaydi. Ko’pchilik Yirtqich qushlarning nari va modasi bir xil rangda, ko’pincha nari modasiga nisbatan kichikroq yoki bir xil kattalikda (Amerika kondorining nari yirikroq) bo’ladi. Kunduzi hayot kechiradi. Yer yuzida keng tarqalgan. Ancha uzoq yashaydi. Tutqinlikda Lochin 55, burgut 46, tasqara 69, qirg’iy 25 yil yashagan. Yilda bir marta, ba’zan 2 marta ko’payadi. Daraxtlar shoxi, kavagi, qoyalar va yerga uya quradi yoki boshqa qushlar uyasini egallaydi. Odatda, o’sha juftning o’zi har yili bir joyning o’ziga uya kurib, bola ochadi. Yirik Yirtqich qushlar 1-2 ta, maydalari 6-7 ta, ba’zan 9 tagacha tuxum bosadi. Tuxumini bittadan bir necha kun davomida qo’yganidan uyadagi jo’jalari ham har xil yoshda bo’ladi. Yirik Yirtqich qushlar (Masalan, burgut, boltayutar) 2 oy, maydalari 1 oyga yaqin tuxum bosadi. Mayda va o’rtacha kattalikdagi qushlarning jo’jasi 1 oydan, yirik qushlarniki 3, hatto 4 oydan so’ng uchirma bo’ladi. Yirtqich qushlar har xil hayvonlar, asosan, sut emizuvchilar, qushlar va hasharotlar, ba’zan hayvonlar o’limtigi bilan oziqlanadi. Tropik mintaqalarda (Afrika) yashovchi ayrim Yirtqich qushlar mevalar bilan oziqlanadi. O’ljasini havodan turib izlaydi; shuning uchun ko’zlari, uchish qobiliyati yaxshi rivojlangan. Yilda bir marta uzoq vaqt to’liq tullaydi. Yirtqich qushlar kishilarning xo’jalik faoliyatida muhim ijobiy ahamiyatga ega. Ko’pchilik turlari qishloq xo’jalik ekinlari zararkunandalari, kemiruvchilar, hasharotlarni qirib foyda keltiradi. Boshqalari esa kuchsiz va kasallangan hayvonlar bilan oziqlanishi tufayli tabiatda doim sodir bo’lib turadigan tabiiy tanlanish asosiy omili hisoblanadi. Yirtqich qushlarning soni kamayib borayotganligi sababli ko’pchilik mamlakatlarda muhofaza qilinadi. 290 ta turi ma’lum. Yirtqich qushlar turkumi 5 ta oilaga bo’linadi. O’zbekiston hududida lochinlar va qarchig’aylar oilasiga mansub bo’lgan 40 turi uchraydi. Ochil Mavlonov.