YOG’INLAR
YOG’INLAR — 1) atmosfera (bulutlar yoki havo) dan yer (yoki suv) yuziga tushadigan suyuq yoki qattiq holatdagi suv. Yog’inlar bulutlardan yomg’ir, qor, do’l va muz zarralari ko’rinishida, havo qatlamidan shudring hamda qirov shaklida tushadi. Yog’in miqdori tushgan Yog’inlarning holatidagi qatlami qalinligini (mm) o’lchab aniqlanadi. Yog’inlar jadalligi ma’lum vaqt (sutka, soat va boshqalar) ichida tushgan Yog’inlar miqdori bilan belgilanadi. Yog’inlar miqdori meteorologiya stansiyalarida maxsus asboblar — yog’in o’lchagichlar, plyuviograflar yordamida, qor qoplamining qalinligi maxsus o’lchash reykasi bilan; zichligi zichlik o’lchagich bilan o’lchanadi. Har bir joy bir kunlik, o’n kunlik, oylik, yillik va o’rtacha ko’p yillik Yog’inlar miqdori — Yog’inlar yig’indisi hisoblab chiqiladi. Joyning geografik kengligiga, dengiz va okeanlardan uzoq yaqinligiga, shamol yo’nalishiga va joyning relefiga qarab, yer yuzining turli joylarida Yog’inlar miqdori har xil bo’ladi. Tropiklarda yiliga 1000 millimetrdan ortiq, hatto 12000 millimetrgacha (masalan, Hindistonda), mo’tadil kengliklarda 250 millimetrdan 1000 millimetrgacha, cho’llar va yuqori kengliklarda 250 millimetrdan kam (masalan, Misrda) Yog’inlar tushadi. Umuman yer yuziga tushadigan bir yillik Yog’inlar miqdori o’rta hisobda 1000 millimetr (50 ming kilometr kubdan ko’proq suv) ni tashkil etadi. O’zbekiston hududida yillik yog’in miqdori 80— 90 millimetrdan 1000 millimetrgacha yetadi. Yog’inlar tarkibida suvdan tashqari chang zarralari, mikroorganizmlar, shuningdek, radioaktiv elementlarning parchalanishidan hosil bo’ladigan mahsulotlar ham bo’ladi. Yog’inlar radioaktivligi o’rta hisobda har bir gramm yog’in 10~” — 10~12 Kyuri. Momaqaldiroq paytida yog’ayotgan Yog’inlarning radioaktivligi boshqa vaqtdagi Yog’inlarnikiga nisbatan ko’proq bo’ladi; 2) sun’iy Yog’inlar — o’ta sovigan bulutlarga maxsus kimyoviy modda (reagent)lar ta’sir ettirib, sun’iy muz kristallari hosil qilish natijasida ulardan tushadigan Yog’inlar kimyoviy moddalar bulutlarga samolyotlardan yoki yerdagi maxsus qurilmalar yordamida sochiladi. Bu usul yog’ingarchilik juda kam bo’lgan mintaqalarda qo’llaniladi.