YOG’OCH O’YMAKORLIGI
YOG’OCH O’YMAKORLIGI — o’ymakorlik turi, badiiy hunarmandlikning qadimgi va keng tarqalgan sohasi. Yog’ochni kesib, o’yib, chizib, zaminni teshib naqsh, bo’rtma shakllar hosil qilib, yog’och taxtacha va bo’laklarini birbiriga ulab, yopishtirib (asosan panjaradya) handasiy shakllar, o’simliksimon tasvirlar, islimiy naqshlar hosil qilinadi. Usta naqshni bezatiladigan sirtga axta vositasida tushiradi, ustidan naqsh chiziqlari chizib chiqiladi, so’ng asbob (iskana)lar yordamida o’yiladi. O’yishda turli usullar (pargari, bag’dodi) keng qo’llaniladi. Yog’och o’ymakorligi ko’p mehnat talab qiladigan soha, unda O’zbekistonda o’sadigan mahalliy daraxtlar (qayrag’och, archa, yongoq, tut, o’rik, chinor, tol, terak va boshqalar) dan foydalaniladi. O’ymakor ustalar daraxt yog’ochlarining xususiyatlarini yaxshi bilishgan (daraxt yog’ochlarining quyosh nuri ko’p tushgan tomoni pishiq, zich tolali bo’ladi). Yog’ochlar 6 oydan 1 yilgacha suv (hovuzlar)da saqlanadi, soyada quritiladi. Naqsh mujassamotida girih, islimiy naqshlar keng ishlatiladi, mustaqil ravishda girih kamdan kam hollarda qo’llaniladi; girih va islimiy naqshlar uyg’unlashtirilib, rang-barang jozibali mujassamotlar, namoyonlar yaratiladi. Bezak (naqshlar) yaratishda pargardan ko’proq foydalanilishi tufayli naqshlar pargari deb ataladi. Yog’och o’ymakorligi. Usta ortiq Fayzullayev ish ustida. Yog’och o’ymakorligi qadimdan taraqqiy etgan. Qad. Sharqda, antik dunyo me’morligida keng tarqalgan, Yevropa, Osiyo mamlakatlarida xilma-xil uslublari vujudga kelgan. O’zbekiston hududida ham qadimdan me’morlikda, ro’zg’or buyumlarida ko’p qo’llanilgan. Movarounnahrda Islom dini tarqalguniga qadar yog’och sanamlar tayyorlash rivoj topgan. Narshaxiy “Buxoro tarixi” asarida 8 asrda eshiklar o’yma tasvirlar bilan bezatilgani haqida yozadi. Yog’och tashqi muhit ta’siriga ancha chidamsizligidan Yog’och o’ymakorligining qadimgi namunalari saqlanmagan. Saqlanganlarining eng qadimgisi 9—12 asrlarga mansub. Qusam ibn Abbos maqbarasi bino sharafalari naqshlar bilan bezatilgan, zabarravlarida qushlar, afsonaviy maxluqlarning tasvirlari ishlangan (Samarqand, 11 — 12 asrlar). Buxoroda Sayfiddin Boharziy maqbarasining to’sinlari (14 asr), Samarqandda Ruhobod maqbarasi, Amir Temur maqbarasi eshiklariga ishlangan naqshlar ulkan mahorat samarasidir. Buxorodagi Ulug’bek madrasasining eshiklari qismlariga yog’och taxtachalardan yelimsiz, mix ishlatmay girih naqshlar hosil qilingan. 19 asrda Xorazm uslubi yuksakka ko’tarilgani Xivadagi Toshhovli ayvonlari, xonalaridagi ustunlarning kallagi, boshalariga ishlangan muqarnaslarda, eshiklarning bezaklarida ko’zga tashlanadi. O’zbekiston xududida o’ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turuvchi Toshkent, Xiva, Qo’qon, Farg’ona, Buxoro Yog’och o’ymakorligi shakllangan. Toshkentlik ustalar o’yma naqshlarda yassi bo’rtmali, zaminsiz chizmani keng qo’llaganlar. Xivada mahobatli Yog’och o’ymakorligi keng tarqalgan, naqshning maydaligi, zaminning kamligi, o’ynoqiligi bilan ajralib turadi, bu yerlik ustalar yog’ochning tabiiy rangini saqlab qolganlar, bo’yamaganlar. Samarqandlik ustalar zamin va bo’rtmani loklaganlar. Qo’qon, Farg’onada eshik, ustunlarni chuqur yassi bo’rtma naqshlar bilan bezab, naqsh yuzasiga to’qroq rang berib so’ng loklaganlar. Buxorolik ustalar o’yma naqshlarni oltin, kumush suvi bilan bezaganlar, naqsh zaminini ranglar bilan bo’yaganlar. 20 asrda Yog’och o’ymakorligining zaminni o’yib bir necha qavat bo’rtma tasvir hosil qilinadigan (1,5 millimetrdan 30 millimetrgacha o’yiladigan) murakkab va jozibali turi shakllangan. Toshkentlik T. Ayyubxo’jayev, A. Tursunboyev, S. Xo’jayev, M. Qosimov, N. Ibrohimov, O. Fayzullayev va boshqalar, xivalik O. Polvonov, S. Bog’bekov va boshqalar, qo’qonlik A. Abdurahmonov, Q. Haydarov va boshqalar, marg’ilonlik Yu. Ma’rufjonov, U. Ahmedov va boshqalar, samarqandlik N. Nazrullayev va boshqalar, buxorolik aka-uka S. va R. G’afurovlar, Sh. Saidov va boshqa o’nlarcha xalq ustalari Yog’och o’ymakorligi an’analarini davom ettirib, yangi ohanglar bilan boyitdilar, ko’plab jamoat binolarini Yog’och o’ymakorligi bilan bezadilar. 40 yillarda ko’pgina jamoat binolari (badiiy ko’rgazmalar direktsiyasi, Muqimiy teatri, Navoiy teatri va boshqalar) uchun Yog’och o’ymakorligi bilan bezatilgan eshik, deraza, panjara, namoyonlar, badiiy buyumlar tayyorlandi. 70 yillardan ustalar tomonidan Yog’och o’ymakorligidagi naqsh mujassamotlari yangi mavzular, yangi bezak turlari bilan boyitib borilmoqda (Xalqlar Do’stligi saroyi, O’zbekiston xalklari tarixi muzeyi, O’zbekiston ba Markaziy ko’rgazmalar zali va boshqalar). O’zbekiston mustaqillikka erishgach, barcha sohalarda bo’lganidek amaliy san’atga, shu jumladan Yog’och o’ymakorligini rivojlantirishga ham katta e’tibor bilan qaralmoqda. Tarixiy qadriyatlarni tiklash, rivojlantirish, yangi xususiyatlar bilan boyitishga alohida ahamiyat berilmoqda. Xalq ustalari Yog’och o’ymakorligi usul va uslublarini rivojlantirib, ko’plab barpo qilinayotgan binolarni ushbu usulda bezamoqdalar (Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Buxoriy majmuasi, Xotira maydoni memorial majmuasi, Oliy Majlis binolari va boshqalar).