YOG’OCHNI BUKISH

YOG’OCHNI BUKISH yaxlit yoki qatlam-qatlam (yelimlab yopishtirilgan) yog’och zagotovkalarni egib, shu holicha mustahkamlash; yog’ochning plastiklik (qayshqoqlik) xossasiga asoslanadi. Yog’ochning plastikligi qanchalik yuqori bo’lsa, shunchalik yaxshi bukiladi. Bukishda zagotovkaning qabariq tomoni cho’ziladi, botiq tomoni qisiladi. Issiqlayin va sovuqlayin bukish usullari bor. Issiqlayin bukish usuli yaxlit va yelimlab yopishtiriladigan ko’p qatlamli zagotovkalardan bukik detallar olishda qo’l keladi. Yog’och zagotovka 80-120° gacha qizdirilganda plastikligi keskin oshadi. Issiqlayin bukishda yog’och bug’da yoki qaynayotgan suvda tutib turiladi (yumshatiladi). Yumshatilgan zagotovka andaza bo’yicha bukiladi, qisish qurilmasida mahkamlanadi va 10-15% namlikkacha quritilib, keyin sovitiladi. Sovuqlayin bukish usuli tabiiy bukuluvchan yog’ochdan ko’p qatlamli elimlangan detallar olishda qo’llaniladi. Zarur shakl va kesimdagi detallar olish uchun yetarli miqdorda yelim surkalgan quruq yog’och plastinkalar (taxta, shpon yoki faner) press qolipga paket ko’rinishida taxlanadi hamda yelim qotgunga qadar tutib turiladi. Sovuqlayin bukish usulida olingan detallarning shakli issiqlayin bukish usulida olingan detallarga nisbatan turg’un bo’ladi. Yog’ochni bukish usullari vagonsozlik, kemasozlik, mebelsozlik va boshqalarda keng qo’llaniladi.