YOG’OCHOYOQ

YOG’OCHOYOQ — o’zbek xalq tsirk san’ati janrlaridan. Ijrochi oyoqlariga 3— 3,5 metr uzunlikdagi yog’ochlarni bog’lab ustidan uzun shim kiyib oladi va qayroq bilan raqs (“Jonon”, “Andijon polkasi”, “Norimnorim”, “Lazgi”) ga tushadi. Unga surnay, nog’ora, doyra jo’r bo’ladi. Yog’ochoyoq o’yinlari xalq sayillarida ayniqsa, dorboz truppalarida keng ko’rsatiladi. Masalan, Andijondagi Kimsan Nazaraliyev, Toshkentdagi To’lqin Boltayev, Buxorodan Rabbim Sohibov, Shahrisabzdan Sa’dulla Mamadaliyev, Samarqanddan Bozorboy Qurbonovlarning shogirdlari va boshqalar bor. Yog’ochoyoqchilar o’yin paytida qo’lida pichoqlar, bulavalar, koptokchalar va ayniqsa gardishga 12 ta choynak bilan piyolani ustma-ust qo’yib piramida qilib aylantirib o’ynashadi. Shohimardonlik Ahadjon Nabiyev dorbozlari Yog’ochoyoqda dor ustida yurib tomosha ko’rsatadi. Yog’ochoyoq o’yinlari bayram va sayillarda hozir ham ko’rsatiladi.