YO’G’ON ICHAK

YO’G’ON ICHAK — odam va umurtqali hayvonlar ichagining bir qismi; o’ng yonbosh sohasida bevosita ingichka ichakdan keyin boshlanib orqa chiqaruv teshigi (anus) bilan tugaydi. Evolyutsiya jarayonida umurtqali hayvonlar yo’g’on ichagining shakli o’zgargan: tuban umurtqalilar, reptiliylar va qushlarda Yo’g’on ichak qisqa, u bilan ingichka ichak o’rtasida aniq chegara yo’q. Tog’ayli va ikki xil nafas oluvchi baliqlar, quruqda va suvda yashovchilar, sudralib yuruvchilar Yo’g’on ichak kloakaga tutashadi. Ko’pchilik sut emizuvchilar, xususan, odamda Yo’g’on ichak ko’richak (appendiks o’simtasi bilan), chambar ichak (ko’tariluvchi, ko’ndalang, tushuvchi va sigmasimon qismlari bilan) va to’g’ri ichakdan iborat. Odam yo’g’on ichagining uzunligi 1,5—2 metr bo’lsa, diametri ingichka ichakka nisbatan ikki hissa katta. Uning devori esa shilliq, shilliq osti qavati, muskul va seroz pardadan iborat. Shilliq pardada ko’ndalang joylashgan burmalar bo’lib, unda shilliq ishlovchi mayda bezlar va limfoid to’qimalar mavjud. Uzunasiga yo’nalgan muskul tolalari lentasimon tarqalganidan ichakdagi moddalar sekin (16-18 soat) yo’naladi. Yo’g’on ichakning ko’tariluvchi qismida ovqat qoldig’ining bir qismi va suv shimiladi. Ovqat tarkibidagi kletchatka Yo’g’on ichakda parchalanib, uning ma’lum bir qismi shimiladi. Axlat, asosan, Yo’g’on ichakda shakllanib to’g’ri ichakda yig’iladi va ixtiyoriy bo’shalish ro’y beradi. Yo’g’on ichak kasalliklaridan appendisit, kolit, proktit va boshqalar kuzatiladi.