YO’LDOSHEV BEHZOD SODIQOVICH

YO’LDOSHEV BEHZOD SODIQOVICH (1945.9.5, Toshkent) — fizik olim, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (2000), fizika matematika fanlari doktori (1981), professor (1987). ToshDU ni tugatgan (1968). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi yadro fizikasi institutida ilmiy xodim (1968-83), direktor (1990 yildan). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Fizika-texnika ilmiy tadqiqot institutida laboratoriya mudiri (1984-90). 2000 yil 12 sentabrdan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi prezidenti. Ilmiy ishlari yuqori energiyalar fizikasi, yadroviy fizika va elementar zarralar fizikasiga oid. Yo’ldoshev rahbarligida Yadro fizikasi institutida jahon standartlariga mos keluvchi radioizotoplarni keng ko’lamda ishlab chiqarish va chetga sotish ishlari yo’lga qo’yildi; mahalliy tog’-kon sanoati chiqindilaridan asl va nodir metallarni qo’shimcha ravishda ajratib olish texnologiyasi ishlab chiqildi va hokazo. Yo’ldoshev Vashington universiteti fizika fakulteti professor (1977-78; 80-81; 89-90) sifatida yuqori energiyali neytrinolarning o’zaro ta’sirida bo’ladigan yadroviy effektlarni o’rganish bo’yicha ilmiy loyihaga rahbarlik qildi. Keyingi yillarda AQSh, Kanada, Rossiya va O’zbekiston fiziklari tomonidan Kanadaning “Triumf” yadroviy markazida va E. Fermi nomidagi Milliy tezlatkichlar lab. (Bataviya, AQSh) da hamkorlikda bajarilayotgan xalqaro ilmiy loyihalar rahbari. Yo’ldoshev bir qancha xalqaro akademiyalar va xalqaro jamiyatlar a’zosi, xorijiy untlar faxriy Doktori. “O’zbekiston milliy entsiklopediyasi” Bosh tahrir hay’ati a’zosi (2001 yildan). Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1983). 2-chaqiriq O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati.