YOMBI
YOMBI (xitoycha “yuan Bao” — boylik to’plashning boshlanishi) — quyma oltin va quyma kumush bo’lagi. Xitoyda birinchi pullar miloddan avvalgi 7 asrda paydo bo’lgan; ular kumushdan emas, balki mis (yoki bronza) dan kuyib tayyorlangan. Bu pullarning qiymati juda past bo’lib, bir misqol (3,7 gramm) kumushga 1000, hatto 2000 dona mis (bronza) pul almashtirilgan. Bu pullarning og’irligi yarim pud kelgan, 10-20 ming mis (bronza) pullarni hamyonda emas, balki ot aravada tashishga majbur bo’lingan. Milodiy 7—10 asrlarga kelib “Buyuk ipak yo’li” bo’ylab xalqaro savdosotiq rivojlangan davrda Xitoyda xalqaro valyuta (oltin va kumush) pullar o’rnida quyma yombilardan foydalanilgan. Yombi pul emas, balki yirik savdo-sotiqlarda to’lov va boylik jamg’arish vositasi bo’lgan. Yombi larning vazni bir xil emas, balki 5 grammdan 2000 grammgacha bo’lib, savdo muomalasida ularni tarozida tortib olingan. Yombilarning kattalari “tuya tuyoq”, “ot tuyoq” deb atalgan, nisbatan kichiklari “qo’y tuyoq”, 1885 yil Xitoyda chiqarilgan yombi. “Echki tuyoq”, undan kichiklari esa “chuchvara quloq” deb yuritilgan. Sof kumushdan tayyorlanganligini tasdiqlash uchun davlat tomonidan chiqarilgan Yombilarga Xitoy imperatori o’z tamg’asini bosgan. Agar Yombilarni shaxslar chiqargan bo’lsa, uning sofligini shahar va tuman hokimlari tasdiqlab, o’z tamg’asini bosgan. Shu bilan birga, kumush Yombini tayyorlagan shaxs va firmalar ham o’z tamg’asini bosib kafolat bergan. Yombilar 19 asr oxirigacha Markaziy Osiyo va Xitoy savdo muomalasida keng yuritilgan. O’zbekiston Respublikasi oltin konlaridan qazib olinadigan oltinlar maxsus qoliplarga quyilib, yombi holiga keltiriladi. Uning og’irligi 12 kilogramm.