YONISH KAMERASI

YONISH KAMERASI gazsimon, suyuq yoki qattiq yoqilg’ilarni yoqish uchun mo’ljallangan bo’shliq. Davriy ishlaydigan (porshenli ichki yonuv dvigateli) va uzluksiz ishlaydigan (gaz turbinali dvigatel, turboreaktiv dvigatel) suyuqlikli raketa dvigatellari va boshqa xillarga bo’linadi. Porshenli ichki yonuv dvigatelida tsilindr qopqog’i bilan yuqori (eng chekka) holatdagi porshen asosi oralig’i Yonish kamerasi hisoblanadi. Yonish kamerasining bir necha turi bor. Gaz turbinali dvigatellarda Yonish kamerasi kompressor bilan turbina orasidagi gaz-havo yo’lida joylashgan. Bunda Yonish kamerasiga kiradigan havo ikki qismga bo’linadi: birinchisi Yonish kamerasining old tomoniga yo’nalib, asosiy yonilg’i massasining yonishini; ikkinchi qismi aralashish zonasida yonish mahsulotlariga qo’shilib, boshlang’ich zonada yonmay qolgan yonilg’ining yonishini ta’minlaydi. Dvigatelning quvvati, tejamliligi Yonish kamerasining shakliga, hajmiga va unda joylashgan sham (svecha)lar (karbyuratorli dvigatelda) yoki forsunkalar (dizel dvigatelida) soni va vaziyatiga bog’liq.