YOPIQ BIOTEXNIK TIZIM

YOPIQ BIOTEXNIK TIZIM (kosmonavtikada) — kosmik kemaning tashqi muhit bilan modda almashinmaydigan, lekin tashqaridan energiya oladigan va uni o’sha miqdorda sarflaydigan tizimi. Bir qancha tirik organizmlar majmuidan iborat; ularning modda almashinuv maromi birbiriga moslangan bo’ladi. Zich (germetik) yopiq tizimda odamlarning yashashi uchun shart bo’lgan moddalar (oziq-ovqat, suv va kislorod) biokompleksga kiradigan tirik organizmlar (o’simlik, hayvonlar, odam va boshqalar) ning yashash jarayonida hosil bo’ladigan chiqindilarni qayta ishlab tayyorlanadi. Yopiq biotexnik tizimni tuzishda biokompleksga kiruvchilar sonini imkon boricha kam olish, modda almashinuvini tezlashtirish, bu aylanma jarayondan chetga chiqib qoladigan moddalar paydo bo’ladigan jarayonlarni bartaraf qilish lozim va hokazolar. Odamlarning uzoq muddat (masalan, 1 yil) Yopiq biotexnik tizimda yashashi mumkinligi amalda sinab ko’rilgan.