YOPPASIGA TANLASH
YOPPASIGA TANLASH – o’simliklarni nav standartlariga muvofiq keladigan tashqi belgilari (fenotip)ga qarab tanlash. O’simliklar selektsiyasi usullaridan biri. Tanlab olingan o’simliklardan olingan urug’lik, laboratoriya tahlili o’tkazilib, saralangach (yaroqsizlari ajratilgach), bir paykalga ekiladi. Shunga ko’ra, bo’lajak nav saralangan eng yaxshi o’simliklar avlodi bo’ladi. Yoppasiga tanlashni ba’zan pozitiv usul deb ataladi. Bu usul AQSh va boshqa mamlakatlarda g’o’za urug’chiligida keng qo’llaniladi. Yoppasiga tanlashning bir ko’rinishi bo’lgan negativ tanlash (notipik va aralashma o’simliklarni yaroqsizga chiqarish) asosan O’zbekiston, Tojikiston, Turkmanistonda qo’llaniladi. Yoppasiga tanlashni bir marta va ko’p marta o’tkazish mumkin. Bir martali Yoppasiga tanlash o’zidan changlanuvchi ekinlarda, ko’p martalisi chetdan changlanuvchi o’simliklarda yaxshiroq samara beradi. Chetdan changlanuvchi ekinlarda qimmatli xo’jalik belgilarini saqlab qolish uchun nav ishlab chiqarishdan olinguniga qadar bo’lgan davr davomida Yoppasiga tanlash o’tkaziladi. Bunday tanlash uzluksiz tanlash deb ataladi. Populyatsiyalar ekiladigan sharoitlarga yaxshi moslashgan hollardagina Yoppasiga tanlash yaxshi natija beradi. Yoppasiga tanlash usuli bilan turli ekinlarning xalq selektsiyasida mahalliy navlari ham yaratilgan. Yoppasiga tanlashning kamchiliklaridan biri tanlanayotgan o’simliklarning kelib chiqishini tekshirish imkoniyati yo’kligidir. Bu kamchilik selektsiyada keng tarqalgan yakka tanlash usuli bilan bartaraf etiladi. Yo’ldosh Uzoqov.