YORDAMCHI MAKTAB

YORDAMCHI MAKTAB aqli zaif bolalar o’qiydigan maxsus ta’lim tarbiya muassasasi. O’zbekistonda dastlab 1935 yil Toshkent shahrida ochilgan. Asosan aqli zaif (oligofreniyanij debillik darajasidagi) hamda keyinchalik turli kasalliklar tufayli aqli zaif bo’lib qolgan bolalar qabul qilinadi. Maxsus ta’limga muhtoj bo’lgan bolalar tibbiy psixologik-pedagogik komissiya tomonidan belgilanadi. Yordamchi maktabdagi aqli zaif bolalar uchun maxsus ta’lim-tarbiya O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi qonuni (1997) asosida amalga oshiriladi. Yordamchi maktab O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimiga kiradi. Yordamchi maktabda aqli zaif bolalarga maxsus ta’lim davlat standartlariga muvofiq maktablarning boshlang’ich sinfi hajmiga to’g’ri keladigan va qisman umumiy o’rta ta’limni amalga oshiruvchi maxsus ta’lim dasturi, rejasi va darsliklar asosida olib boriladi. O’qish muddati — 9 yil. Yordamchi maktabda har bir sinfga 10-12 o’quvchi qabul qilinadi. Maktabdagi o’quv vaqtining 1/3 qismi (4-sinfdan boshlab) mehnat ta’limiga ajratiladi. Yordamchi maktablarda duradgorlik, kashtachilik, tikuvchilik, qishloklardagi Yordamchi maktablarda qishloq xo’jalik ishlari o’rgatiladi. Yordamchi maktablarning asosiy maqsadi bolalarni aqliy jihatdan korrektsiyalash (tuzatish) va jismoniy jihatdan sog’lomlashtirish, tarbiyalash, Yordamchi maktab hajmida bilim, ko’nikma va malakalar bilan qurollantirish, ularni amaliy faoliyatga tayyorlash, nutqidagi nuqsonlarni tuzatish hamda ijtimoiy hayotga moslashtirishdan iborat. Yordamchi maktabda ta’lim-tarbiya ishlarini oligofreno-pedagog mutaxassislar olib boradi. Yordamchi maktabda vrach psixonevrolog, tibbiyot hamshiralari ham ishlaydi. 2000/2001 o’quv yili boshi O’zbekiston Respublikasida 19 Yordamchi maktab (4769 o’quvchi) va 32 yordamchi internat maktabi (6502 o’quvchi) ishladi. Lola Mo’minova.