“YORILTOSH”

“YORILTOSH” — o’zbek xalq ertagi. Mavzui keng tarqalgan. Xorazmda “Oltin beshik”, Toshkent, Buxoro, Samarkand, Farg’onada “Yoriltosh”, “Ochil, Ochil qamishlar” nomi bilan mashhur. Mazkur variantlarning mavzu va g’oyasi mushtarak, ayrim epizodlaridagina farq bor. Haqiqat va ezgulikning yomonlik ustidan tantanasi “Yoriltosh”ning g’oyaviy mazmunini tashkil etadi. Ertak qahramonlari sehr-jodu ta’sirida bo’ladilar. Singilning tosh va kiyikka aylanishi, ayolning suv ostida ikki farzand ko’rishi kabi hodisalar tilsim bilan bog’liq bo’lib, sehr yechilganda ular o’z asliga qaytadilar. Opa-singillarning tabiat kuchlarini ilohiylashtirib, muqaddas bilib topinishi, madad so’rashida ibtidoiy inson tafakkuri bilan bog’liq bo’lgan mifologik va animistik tasavvurlar aks etgan. R. Mo’minning bu ertak asosida yaratgan asari 20 yillarda qator o’zbek teatrlarida sahnalashtirilgan. Keyinchalik Shukur Sa’dulla “Yoriltosh” dramasini (1939) va kompozitor S. Boboyev bilan hamkorlikda “Yoriltosh” operasini (1967) yaratgan.