YORMATOV SHERMAT
YORMATOV SHERMAT (1939.17.10, Farg’ona tumani) — xor dirijyori, kompozitor, bolalar xori san’atining faol targ’ibotchisi. O’zbekiston xalq artisti (1997). Toshkent davlat konservatoriyasini xor dirijyorligi mutaxassisligi bo’yicha tugatgan (1967). Toshkent shahridagi 99 o’rta maktabda musiqa o’qituvchisi va “Boychechak” xor studiyasining rahbari (196282), O’zteleradiosida xor jamoasi dirijyori (1967-70), “Bulbulcha” bolalar xorining badiiy rahbari va bosh dirijyori (1971 yildan), O’zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi o’rinbosari (1996— 99). Ayni paytda A. Qodiriy nomidagi Madaniyat instituti (1980-95) da o’qituvchi, dotsent (1994). Kompozitor ijodida vokal musiqa (ayniqsa bolalar uchun yaratgan qo’shiqlari) asosiy o’rin tutadi: “Salom maktab”, “G’ildiragim”, “Ikki qo’ymang, o’qituvchi!”, “Sumalak”, “Oymomojon rom bo’ldi”, “Qizaloq”, “Xon atlas”, “Bu yurtning yoshlari”, “Chitti gul” (folklor-etnografik syuita), “Assalom hayot” kantatasi (T. Ilhomov so’zi) va boshqalar. Aksariyat qo’shiqlari turli musiqa to’plamlarida nashr etilgan. 1970 yillar o’rtasidan boshlab o’zbek bolalar qo’shig’i hamda xor san’atiga bag’ishlangan doimiy “Qo’shig’im — jon qo’shig’im”, “Birgalikda kuylaymiz” teleko’rsatuvlarini olib boradi. “Sog’lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangan (1994).