YORUG’LIK BILAN DAVOLASH
YORUG’LIK BILAN DAVOLASH, fototerapiya — quyosh nuri yoki sun’iy manbalar yorug’ligini profilaktika va davolash maqsadida qo’llash; fizioterapiyanit bir bo’limi. Sun’iy manbalarga cho’g’lanma simi bo’lgan, infraqizil va ko’zga ko’rinadigan nurlar bilan nurlantiradigan apparatlar (infraqizil nurlar bilan nurlantirgich, yorug’lik issiqligi bilan nurlantirgich — sollyuks. Minin lampasi, mahalliy elektr yorug’lik vannalari, shuningdek, ultrabinafsha nurlar bilan nurlantirish uchun simobkvarsli lampalar) kiradi. Infraqizil nurlarning fiziologik ta’siri issiqlikning naf berishiga asoslangan. Ana shu nurlar ta’sirida haroratning ko’tarilishi to’qimalarda moddalar almashinuvi jarayonining tezlashishiga, tomirlarning reflektor kengayishiga sabab bo’ladi, bu esa to’qimalar oziqlanishining yaxshilanishi, infiltratlarning so’rilib ketishiga yordam beradi va hokazo. Ultrabinafsha nurlar bilan nurlantirilganda terida biologik faol moddalar (gistamin, D vitamin) hosil bo’ladi, ular organizmga umumiy ta’sir ko’rsatib, uning infektsiyalarga chidamliligini oshiradi. Ultrabinafsha nurlar bilan nurlantirish jarayonida issiq sezilmaydi, lekin 2-6 soat o’tgach, terining nur tekkan joyi qizaradi (eritema). Qizdirish darajasi nurlantirish tezligiga va terining sezuvchanligiga bog’liq. Yorug’lik bilan davolashda nur dozasini to’g’ri tanlash muhim (uni tibbiyot xodimi belgilab beradi). Uy sharoitida vrach ko’rsatmasiga muvofiq faqat minin lampasidan foydalanish mumkin, bunda nurlantirish tartibi va qoidalariga qat’iy amal qilish kerak. Kasalxona, poliklinika, sanatoriylar va boshqa davolash-profilaktika muassasalarida Yorug’lik bilan davolash apparatlari mavjud. Sovqotish, turli shikastlanishlarda tiklanish hamda infiltratlarning so’rilib ketish jarayonini tezlatish; furunkulyoz, saramas, nevralgiya, artrit va boshqalarni davolash, shuningdek, raxitning oldini olish va davolashda Yorug’lik bilan davolash qo’llaniladi. Silning faol shakli, xavfli o’smalar, yurak-tomir yetishmovchiligining ro’y-rost ko’rinishi, gipertoniya kasalligining 2, 3 bosqichi, e’rutsha qaray olmaslik, qalqonsimon bez faoliyatining kuchayishi, buyrak yetishmovchiligi va boshqa ayrim holatlarda Yorug’lik bilan davolash tavsiya etilmaydi.