YORUG’LIK MANBALARI

YORUG’LIK MANBALARI ko’rish sezgisi bilan idrok etiladigan elektromagnit to’lqinlar (to’lqin uzunligi, taxminan, 400 dan 750 millimetrgacha) manbalari. Yorug’lik manbalari issiqlik, elektr yoyi, elektr uchquni va gaz yoritqich manbalarga bo’linadi. Yuqori temperaturada qizdirilganda nurlanadigan mutlaq qora jismlar (yorug’lik etaloni), cho’g’lanma elektr lampalar, Quyosh, yulduzlar va boshqa issiqlik Yorug’lik manbalaridir. Suyuq yoki, ko’pincha, gazsimon yonilg’i alangasi issiqlik Yorug’lik manbalariga yaqin. Infraqizil Yorug’lik manbalari hosil qilish uchun alanga va cho’g’lanish manbai uyg’unlashtiriladi. Elektr yoyi va elektr uchqunidan iborat Yorug’lik manbalari spektral emission analizida muhim. Ba’zan, inert gazlar (neon, geliy, argon) muhitiga joylashtirilgan volfram sharchalar yoki volfram o’tkazgichlar orasida elektr yoyi hosil qilinadi. Bular yoritqich lampalar sifatida ishlatiladi, ularning sirt ravshanligi juda yuqori (1800-2000 stilb). Gaz yoritqich manbalarda elektr toki gaz yoki metal bug’laridan o’tganda elektr energiyasi yorug’lik energiyasiga aylanadi. Bunday Yorug’lik manbalari har xil bosim ostida gazlar (ko’pincha, inert gazlar) va ayrim hollarda oz miqdorda juda elastik metall (simob) bug’lari bilan to’ldirilgan tsilindr, sferik va boshqa shaklli shisha kolbadan iborat bo’ladi. Kolba ichidagi kavsharlangan elektrodlar orasida elektr razryadi hosil bo’ladi. Gaz yoritqich lampalar uchga bo’linadi: 1) past (0,2 dan bir necha millimetr simob ustungacha) bosimda gaz yoki metal bug’i bilan to’ldirilgan gaz yoritqich lampalar, ularda asosiy nurlanish manbai atomlar (molekulalar) yoki rekombinasiyalanuvchi ionlar; 2) yuqori (10,2 dan 15 ATM gacha) bosimda gaz yoki metall bug’i bilan to’ldirilgan lampalar — fotolyuminessentsiya lampalari, ularda asosiy nurlanish manbai gaz razryadi bilan qizdirilgan lyuminoforlar; 3) o’ta yuqori (20 dan 100 ATM va undan yuqori) bosimda gaz va metall bug’lari bilan to’ldirilgan lampalar — elektr yoritqich lampalar, ularda asosiy nurlanish manbai gaz razryadi bilan qizdiriladigan elektrodlardir.