YORUG’LIK TEXNIKASI

YORUG’LIK TEXNIKASI nur (infraqizil, ultrabinafsha va ko’rinadigan nurlar) energiyasini hosil qilish, taqsimlash va undan foydalanish hamda yorug’lik energiyasini boshqa tur energiyaga aylantirish masalalari bilan shug’ullanadigan fan va texnika sohasi. 17 asrdan boshlab kuchli yorituvchi shamlar ishlab chiqildi. 18 asr oxiri, 19 asr boshidan ko’mir gazidan isitish va yoritishda foydalana boshladilar. 19 asr oxirlariga kelib, elektr lampochkalar paydo bo’ldi. Avval Yorug’lik texnikasi, asosan, ko’zga ko’rinadigan nurlar va yorug’likdan foydalanish bilan chegaralanib kelar edi. Yorug’lik texnikasining ko’zga ko’rinadigan nurlarni o’lchash bilan shug’ullanadigan sohasi fotometriya, yorug’lik spektridagi barcha nurlarni (infraqizil va ultrabinafsha, rentgen, a, r nurlarni ham) o’lchash bilan shug’ullanadigan sohasi radiometriya deyiladi. Yoritish manbalaridan olinadigan nur energiyasi yoritishda, yorug’lik signallari hosil qilishda, proektsiyalash va nur berish texnikasida qo’llaniladi. Yorug’lik texnikasining eng qadimgi, yaxshi o’rganilgan sohasi yoritish texnikasidir; bunda binolarni, ishlab chiqarish maydonlarini, tsexlar, ko’chalarni, istirohat bog’lari, teatr sahnalarini yoritish va boshqa masalalar ishlab chiqiladi. Yorug’lik signallari texnikasiga ko’rinadigan turli rangli signallarni uzatishda qo’llaniladigan asboblar kiradi. Proektsiyalash texnikasi proektsiyalashda foydalaniladigan yorug’lik asboblarini qo’llash masalalarini ishlab chiqadi. Yorug’lik texnikasining bu sohasi kinoning rivojlanishi munosabati bilan to’la kinotexnika sohasiga aylandi. Nur berish texnikasi turli ob’yektlarni ko’rinadigan yoki ko’rinmaydigan nurlar (yoki aralash nurlar) bilan nurlatish uchun mo’ljallangan asboblarga asoslanadi. O’simliklarning o’sishini kuchaytirish uchun ular, asosan, katta lampochkalar bilan nurlatiladi. Spektrning optik sohasidagi nur energiyasi tibbiyotda qo’llaniladi. Yorug’lik texnikasi ishlab chiqarish estetikasida juda muhim o’rin tutadi.