YOSH BUXOROLIKLAR

YOSH BUXOROLIKLAR — Buxoro amirligidagi jadidlar partiyasi (firqasi). Dastlab ―Tarbiyai atfol (―Bolalar tarbiyasi) maxfiy jamiyati shaklida tuzilgan. 1910- 1920-yillarda ―Yosh buxoroliklar partiyasi deb atalgan. Unga taraqqiyparvar ziyolilar, savdogarlar va shahar kambag’allari vakillari kirgan. Ular boshida mavjud amirlik tuzumi doirasida demokratik islohotlar o’tkazish, konstitutsiyaviy monarxiya o’rnatish orqali amirning mutlaq hokimligini cheklab qo’yish tarafdori bo‗lgan. Abdulvohid Burhonov, Mukammil Burhonov, Sadriddin Ayniy, Usmonxo’ja Po’latxo’jayev (Usmon Xo’ja), Otaulla Xo’jayev, Ahmadjon Hamdiy (Abusaidov), Homidxo’ja Mehriy, Musa Saidjonov, Mirzo Siroj Hakim Yosh buxoroliklarning dastlabki tashkilotchilari edi. Keyinchalik uning faoliyatida Fitrat, Fayzulla Xo’jayev va Muhiddin Mansurov katta rol o’ynashdi. Yosh buxoroliklar iqtidorli yoshlarni Istanbul, Qozon, Ufa, Boqchasaroyga o’qishga jo’natdi. Ular partiyaning moddiy mablag’i hisobidan ta’lim olishgan. Fayzulla Xo’jayev va Muhiddin Mansurov partiyaga katta mablag’ ajratgan. 1914-yildan boshlab Yosh buxoroliklar ma‘rifatchilikdan siyosat sohasiga o’tdilar. Yosh buxoroliklar amirlik tuzumini isloh qilish to’g’risida dadil fikrlar bilan maydonga chiqishdi. Ularning ijtimoiy, siyosiy, ma‘rifatparvarlik faoliyati partiya mazmunida endilikda yangicha maqsad va yo’nalish kasb etdi. Biroq ularning ma‘rifatparvarlik intilishlari avval Amir Abdulahad, so’ngra uning o’g’li Olimxon tomonidan katta qarshilikka uchradi. 1917-yil fevral inqilobi Yosh buxoroliklar ichida kuchlar nisbatining qayta guruhlanishini tezlashtirdi. Yosh buxoroliklar partiyasining a’zolari 1920-yil 11-sentabrda umumiy asosda Buxoro kompartiyasi safiga kirdi.