YOSH XIVALIKLAR

YOSH XIVALIKLAR — Xiva xonligida jadidlar tashkil qilgan partiya (firqa) (1914-21). O’z safida milliy ziyolilar, hunarmand, dehqon, savdogarlar, Islom ulamolari va ayrim davlat amaldorlarini birlashtirgan. 1914 yil avgustda Yosh xivaliklar partiyasiga Polvonniyoz hoji Yusupov asos soldi. Jumaniyoz Boboniyozov, Bobojon Yoqubov, Jumaniyoz Sultonmurodov, Nazir Sholikorov, Sultonqori Jumaniyozov, Xudoybergan Devonov, Husaynbek devonbegi Matmurodov, Muhammadyorxo’ja Abdullayev partiyaning faollari edi. Partiyaning e’lon qilingan dasturida xon hokimiyatini cheklaydigan islohotlar o’tkazish, mamlakatda konstitutsiyaviy monarxiya o’rnatish, xalqni ma’rifatli qilish mo’ljallangan. Xiva xonligidagi 1916 yil qo’zg’olonida faol qatnashgan Yosh xivaliklarning rahbarlaridan biri qozikalon Bobooxun Salimov (1874— 1929) qo’zg’olonchilar faoliyatini yashirin ravishda boshqardi. 1917 yil Fevral inqilobi Yosh xivaliklar faoliyatiga kuchli ta’sir ko’rsatdi, ular ochiq kurash yo’liga o’tdi. 1917 yil 5 aprelda Xiva xoni Asfandiyorxon Yosh xivaliklar taqdim etgan manifestni imzolashga majbur bo’ldi. Manifestda yangi usul maktablari ochilishi, mamlakatda temir yo’l, pochta, telegraf barpo etilishi zarurligi, davlat xazinasi nazorat ostiga olinishi, barcha amaldorlarning saylanishi va maosh bilan ta’minlanishi, butun aholining shariat oldida tengligi ta’kidlangan edi. Isloxrtlar amalga oshirilishini nazorat qilish uchun 30 vakildan iborat muvaqqat qo’mita tashkil topdi. 8 aprelda mamlakatni boshqarish uchun Xivada xon huzurida Majlis (raisi — Bobooxun Salimov) va Nozirlar Kengashi (raisi Husaynbek devonbegi Matmurodov) tuzildi. P. Yusupov (1861-1936) ga Rossiya hukumati va rus qo’shinlari bilan munosabatlarni barqarorlashtirish vazifasi yuklatildi. Muvaqqat qo’mita tarkibiga keyinchalik yana 19 kishi, shuningdek, 7 turkman kiritildi. Yosh xivaliklar Xiva xonligida hokimiyatni boshqaruvchi hukmron kuchga aylandi. 1917 yil mayda Majlis raisi Bobooxun Salimov boshchiligidagi delegatsiya Muvaqqat hukumat vakillari bilan muzokara o’tkazish uchun Toshkentga jo’nadi. Asfandiyorxon muvaqqat xukumatning Xivadagi vakili general Xo’ja Mirbadalov (millati tatar) boshchiligidagi harbiy kuchlarga tayanib, iyunda majlisni tarqatib yubordi. Xon o’ziga ma’qul kishilardan yangi tarkibdagi Majlis (raisi — ortiq Oxun) va Nozirlar Kengashi (raisi — Ishoqxo’ja Xo’jaev) ni tayinladi, Yosh xivaliklardan shafqatsiz o’ch olishga kirishdi. H. Matmurodov boshchiligidagi sobiq Majlisning 17 a’zosi qamoqqa olindi, Bobooxun Salimov ustidan kuchli nazorat o’rnatildi, Yosh xivaliklar partiyasining barcha a’zolari kofir, deb e’lon qilindi. 1917 yil sentabrda Xivaga polkovnik Zaytsev katta kazak otryadi bilan etib keldi. 21 noyabrda Yosh xivaliklar ustidan “qozilarning shariat sudi” o’tkazildi. 1917 yil noyabrda Asfandiyorxon rus kazaklari yordamida majlisni butunlay tugatdi. Xonning istibdod tuzumi bilan kurashda maglubiyatga uchragan Yosh xivaliklar mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’ldi. 1917 yil noyabr — dekabrda P. Yusupov, N. Sholikorov (1881 — 1938) Toshkentga, mulla Jumaniyoz Sultonmurodov — Petroaleksandrovsk (hozirgi To’rtko’l) ga yetib borishdi. Yosh xivaliklar partiyasining boshqa yetakchilari Husaynbek Matmurodov, Ishoqxo’ja Xo’jayev, Abdusalom Hoji Islomxo’jayev, Hoji Avazberdi Eshonov xon buyrug’i bilan qatl qilindi (1918 yil 18 may). 1918 yil boshlarida Toshkentda Yosh xivaliklar qo’mitasi tuzildi (raisi — Polvonniyoz Yusupov). Yosh xivaliklar taktik maqsadlarni ko’zlab, bolsheviklar bilan yaqinlashdi. To’rtko’ldagi Yosh xivaliklardan bir guruh inqilobchilar bilan ajralib, 1919 yil boshida kommunistik guruh (fraktsiya) tuzganligini e’lon qildi (raisi — Jumaniyoz Sultonmurodov). Yosh xivaliklar partiyasiga ko’plab a’zolar kelib qo’shildi. Uning yangi dasturi qabul qilinib, unda demokratik islohotlar dasturi bayon etildi. Xiva xoni, to’ralar va beklarga qarashli butun mol-mulkni xalqqa berish, katta boylarning yerlarini kambag’allarga taqsimlash, bepul shifoxonalar va maktablar ochish, yo’llar va ko’priklar qurish, siyosiy erkinlik, milliy tengxuquqlilik, xonlik tuzumini ag’darib tashlab, demokratik xalq hokimiyati — respublikani barpo qilish ko’zda tutildi. Rossiya va Turkistonning bolshevik rahbarlari Xiva xonligidagi barcha muxolif kuchlarni jipslashtirishga zo’r berib intildi. 1919 yil noyabrda Yosh xivaliklar, To’rtko’ldagi inqilobchi kommunistlar guruhi hamda Qo’shmamedxon Sapiyev (? — 1920) va G’ulomalixon Bahodir (taxminan 1885— 1925) boshchiligidagi turkman qabilalari Xiva xoni Sayd Abdullaxon (? — 1933) va turkman yovmutlarining yetakchisi Junaidxonga qarshi kurash boshlash uchun o’zaro ittifoq tuzib, Xivani egallash uchun qizil askarlarni yordamga chaqirdi. 1919 yil noyabr — 1920 yil yanvar oylaridagi keskin janglar natijasida Turkiston fronti Amudaryo (Xiva) guruhining qo’shinlari (qo’mondon — N. M. Shcherbakov, siyosiy rahbar — G. B. Skalov) 1920 yil 1 Fevralda xonlik poytaxti Xivani bosib oldi. Xiva xoni Sayd Abullaxon taxtdan voz kechdi, Junaidxon janglar bilan Qoraqumga chekindi. 2 Fevralda muvaqqat inqilobiy qo’mita tuzildi. Unga To’rtko’ldagi Yosh xivaliklar inqilobiy qo’mitasining boshlig’i Jumaniyoz Sultonmurodov — rais, Majlisning sobiq raisi Bobooxun Salimov, ulamolar vakili odamoxun Ortiqov, yirik savdogar Matpanoboy Madrahimov, turkmanlar vakillari Mulla O’roz Xo’jamuhamedov va Mulla Navro’z Ro’ziboyev a’zo bo’ldi. 9 aprelda muvaqqat inqilobiy qo’mita ishini yaxshilash uchun uning tarkibida 10 kishidan iborat dastlabki xalq xukumati — Nozirlar Sho’rosi tashkil qilindi. Kundalik masalalarni hal qilish uchun Jumaniyoz Sultonmurodov (rais), Polvonniyoz Hoji Yusupov, Bobooxun Salimovdan iborat hay’at saylandi. 1920 yil 26-30 aprelda butun Xorazm xalq vakillarining I qurultoyida Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (XXSR) tashkil topdi. Yosh xivaliklar dasturi qurultoyda qabul etilgan muvaqqat Konstitutsiyaga asos qilib olindi. Unda Xiva xonligi tugatilganligi va Xorazm Xalq Respublikasi tuzilganligi e’lon etildi. Qurultoyda 15 kishidan iborat respublika xukumati — Xalq nozirlari Sho’rosi tuzildi. Polvonniyoz Hoji Yusupov boshchiligidagi xukumat tarkibiga Jumaniyoz Sultonmurodov (raisning 1-muovini), Bobooxun Salimov (Adliya), Bekjon Rahmonov (maorif), Eshchonqori Jabborqulov (xalq xo’jaligi), O’roz Xo’jamuhamedov (tashqi ishlar), Navro’z Ro’ziboyev (hukumat kotibi), Qo’shmamedxon Sapiyev (raisning 2-muovini), G’ulomalixon Bahodir (ijtimoiy ta’minot), Shomurod Baxshi (sog’liqni saqlash), Muhammadpanoboy Abdullaev (moliya), Xudoybergan Devonov (oliy mufattishnazorat), Rizo Shokirov (harbiy), Hakim Bobojonov (ziroatdehqonchilik), Nazir Sholikorov (ichki ishlar) nozir sifatida kiritildi. Nozirlarning aksariyati jadidlardan iborat bo’lgan va shu sababli hukumat Yosh xivaliklar hukumati deb yuritilgan. Yosh xivaliklar mamlakatda xonlikdan qolgan asoratlarni tugatish, respublikada demokratik tuzumni qaror toptirish, mustaqil Xorazm davlatini barpo qilish uchun kurashdi. Rossiya rasmiy doiralari, Turkkomissiya va Turkfront vakillari mustaqil siyosat yuritishga intilayotgan Yosh xivaliklar xukumatini badnom qilish uchun jon-jaxdi bilan harakat qildi. Sho’rolar davlatining qurolli ig’vogarliklariga qaramay, Yosh xivaliklar hukumati qariyb bir yil yashadi. 1921 yil 6 martda qizil askarlar Xivada 2 marta davlat to’ntarishi yasab, Yosh xivaliklar hukumatini ag’darib tashladi. Bolsheviklar xalq nozirlarini qamoqqa olib, ko’pchiligini otib tashladi. Ayrim nozirlar Junaidxon va istiklolchilar safiga qo’shildi, ba’zilari chet ellarga o’tib ketdi. Yosh xivaliklarning bir qismi keyinchalik afv qilindi va ular Xorazmdagi sho’ro davlati qurilishida faol ishtirok etdi (1923 yil oktabrgacha). Ularning aksariyat qismi 30 yillar qatag’onlarida yosh buxoroliklar singari halok bo’ldi. Ad.: Yusupov Polvonniyoz Hoji, yosh xivaliklar tarixi (xotiralar), Urganch, 1999; Xorazm tarixi, 1—2 jildlar, Urganch, 1997; Matkarimov M., Xorazm Respublikasi: davlattuzilishi, nozirlari va iqtisodi, Urganch, 1993; O’zbekistonning yangi tarixi, 1kitob [Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov nasionalnoy nezavisimosti, T., 2000; Alimova D. va b., O’zbekiston tarixi (19171991 i.), T., 2000; Rajabov Q. K., Mustaqil Turkiston fikri uchun mujodalalar, T., 2000; mustabid tuzumning O’zbekiston milliy boyliklarini talash siyosati; tarix shohidligi va saboklari, T., 2000; Ocherki po istorii gosudarstvennosti O’zbekistona, T., 2001. Qahramon Rajabov.