YOSHLAR MUSIQASI

YOSHLAR MUSIQASI ommaviy musiqa turi, 20 asrning 2-yarmida yoshlar orasida keng tarqalgan turli musiqiy uslublarning umumiy ifodasi. Raqsbop musiqa yo’nalishlari (Roknroll, bigbit, Disko, breykdans, elektropop, reyv, trans kabi) hamda turli mavzudagi qo’shiq asarlari (rokmusiqa, fank, reggey, rep va hokazolar) dan tarkib topgan. Yoshlar musiqasi namunalari diskoteka, yoshlar klubi, dancing (rake maydonchasi), stadion kabi maxsus joylarda zamonaviy texnika vositalari yordamida ijro etiladi, yoshlarning ma’naviy va jismoniy ehtiyojlarini qondirib, ularning dunyoqarashi, his-tuyg’ulari va intilishlarini aks ettiradi. Ommaviy o’yin tarzidagi namunalari — jo’shqin, quvnoq kayfiyatli, ba’zan sershovqin o’yin ruhida yaratiladi. Qo’shiqlar mazmunida yoshlarga xos erkinlik, ba’zan axloq-odobdan chiqib ketish, shuningdek, umuminsoniy mavzu (sevgi-muhabbat, do’stlik, Vatan haqida va hokazolar) o’rin olgan. Yoshlar musiqasi asoschilaridan Amerika xonandasi Elvis Presli, “Bitlz” va boshqa mashhur. O’zbekistonda Yoshlar musiqasi 1960 yillar oxiri — 1970 yillar o’rtasida asosan VIA yoki rokansambl shaklida (“Sintez”, “Yalla”, keyinchalik “Navo”, “Sado” va boshqa guruhlar) paydo bo’lib, ayniqsa mustaqillik davrida rivoj topdi (“Anor”, “Bayram”, “Bolalar”, “Dado”, “Nola”, “Setora”, “Shahzod” guruxlari va boshqalar). 2000-2001 yillar O’zbekistonning turli viloyatlarida yoshlar uchun “Hech kimga bermaymiz seni, O’zbekiston” mavzuidagi hamda giyohvandlikka qarshi adabiymusiqiy shoular bo’lib o’tdi. Yosh ijodkorlar (jumladan Yoshlar musiqasi ijrochilari) uchun “Nihol” (2000 yildan) kabi Respublika mukofotlari ta’sis etilgan.