YOZUV MASHINKASI
YOZUV MASHINKASI, harf bosish mashinasi — harf, raqam va boshqa belgilarning standart tasvirlarini qog’ozga navbatma-navbat tushirib, matn, jadval va boshqalarni bosish uchun mo’ljallangan qurilma. Klaviaturali bosish mexanizmi Yozuv mashinkasining asosiy elementa hisoblanadi. Klaviatura uchlariga bosiladigan belgilar (harf, raqam va boshqalar) ning bo’rtma tasviri tushirilgan richagga yoki uchlarida bosish belgilari joylashtirilgan segmentli (diskli) shrift eltgichlarga birlashtirilgan. Bundan tashqari, Yozuv mashinkasiga valikli karetka, karetkani harakatlantirish mexanizmi, lenta tortish mexanizmi, karetkani bosish mexanizmiga nisbatan avtomatik o’rnatadigan tabulyator kiradi. Bosish mexanizmini harakatlantirish usuliga ko’ra, Yozuv mashinkasi mexanik va elektr xillarga; vazifasiga ko’ra, qo’lda olib yuriladigan (portativ), idorada ishlatiladigan va maxsus xillarga bo’linadi. Kompyuterlar paydo bo’lgandan so’ng Yozuv mashinkasiga ehtiyoj bir oz susaydi. Yozuv mashinkasini yaratishga urinish 16 asrda boshlangan, birinchi patentni ingliz ixtirochisi G. Mill 1714 yilda olgan, 19 asr oxirlariga kelib ommaviy tarzda ishlab chiqarila boshlangan (AQSh).