YUKLAMA

YUKLAMA — yordamchi so’zlarning bir turi; ayrim gap bo’lagiga yoki gapga qo’shimcha ma’no berish uchun qo’llanadi. Yuklama tuzilishiga ko’ra 2 xil bo’ladi: Yuklama qo’shimcha (qo’shimcha holiga kelib qolgan Yuklama: mi, chi, da, a, ya) va Yuklama so’z (ayrim so’z holidagi Yuklama: faqat, xuddi, naq, ham). Hozirgi o’zbek adabiy tilida gapga yoki ayrim so’zlarga qo’shilganda anglatadigan ma’nolariga ko’ra Yuklamaning quyidagi turlari farqlanadi: so’roq va taajjub Yuklamalari (mi, chi, a, ya), asosan, gapni so’roq gapga aylantiradi: bu kitobni o’qidingizmi?; kuchaytiruv va ta’kid Yuklamalari (ku, ham, u, yu, da, oq, ki) gapga tasviriylik berib, so’z ma’nosini kuchaytirish, shuningdek, ta’kid ma’nosini qo’shish uchun ishlatiladi. Masalan: Necha marta uchrashay dedimku, vaqtim bo’lmadi; ayiruv va chegaralov Yuklamalari (gina, faqat) turli so’zlar bilan kelib, ularni ajratib, chegaralab ko’rsatish uchun qo’llanadi. Masalan: u faqat o’sha voqea haqida so’zlardi; aniqlov Yuklamalari (xuddi, naq, qoq) o’zi aloqador bo’lgan gap bo’lagi ma’nosini aniqlash uchun xizmat qiladi. Masalan: o’g’li otasining xuddi o’zi. Yuklamalar, shuningdek, tasdiq, inkor, qistov kabi ma’nolarni ifodalash uchun ham ishlatiladi. Ne’mat Mahkamov.