Bilasizmi?

Yunon uslubi nima?

Oltin asr Yunon san’ati Yevropa madaniyatiga benihoya katta ta’sir ko’rsatdi. Keyingi yuz yilliklarda ham yunon shoirlari va adiblari, haykaltaroshlari va me’morlarining asarlariga taqlid qildilar. Saroylar, Adliya zallari, cherkovlar va ratushalar qurilishiga kirisha turib me’morlar yunon obidalarini sinchkovlik bilan o’rgandilar. Yunon me’morchiligi, mutanosibliklarning obdon o’ylanganligi va maqsadga muvofiqlik va go’zallikning birgalikdagi uyg’unligi bilan ularni o’ziga jalb etgandi. Obidalarda ko’pincha ilohlar va ilohalarning haykallari o’rnatilgani bois bu osori atihalar ham ko’p yillar davomida minglab ijodkorlar tomonidan izchil o’rganildi. Yunon haykaltaroshligi rassomchilik va suvrat bilan kiftma-kift rivojlandi. Vaqt o’tgani sayin yunon haykallarining shakli ham o’zgardi: avval boshda timsollar ko’proq niqobga o’xshab ketar va ularda o’ziga xoslikning nishonalari zuhur etmas, jonsiz va harakatsizdek edilar, biroq bora-bora bunday tasvirlar o’rnini erkaklar, ayollar va hayvonlarning serifoda, ta’sirchan suvratlari egallay boshladi. Garchand, biz qadimiy haykallar qanday ko’rinishda bo’lganligini bilmasak-da (ko’zlar o’rnida o’rnashtirilgan va timsollarni “jonlantirish”ga yordam bergan nodir toshlar izsiz yo’qolib ketgan), ularning erkin, hayot balqib turgan holatlari qo’li gul ustalarning odamzot tanasi go’zalligini bilgani va his etganini hamda harakatning eng nozik ohanglarini tasvirlay olganini ko’rsatib turadi. Albatta, vaqt o’tishi bilan haykaltaroshlar tomonidan ishlatiladigan materiallar ham o’zgardi. Dastlab rassomlar asosan toshda (ko’pincha marmarda), keyinchalik esa metallda (ko’pincha bronzada) asarlar yarata boshladilar. Yigirmanchi asrda sirkor koshin singari yumshoq materiallar paydo bo’ldi. Shunday bo’lsa-da, yunon ustalarining tajribalari hech qachon o’z ahamiyatini yo’qotmaydi.