YURAK ASTMASI

YURAK ASTMASI — yurak chap qorinchasining o’tkir yetishmovchiligi xuruji. Yurak astmasi gipertoniya kasalligi, yurak toj tomirlari etishmovchiligi, simptomatik arterial gipertenziya, kardioskleroz, miokard infarkti, yurak (aortal va mitral) poroklarisa, shuningdek, yurak aritmiyalari bilan og’rib etarli davolanmagan bemorlarda kasallik kuchaygan davrida kuzatiladi. Yurak astmasi xuruji bir necha minutdan bir necha soatgacha davom etishi mumkin. Bunda yurak chap qorinchasi keskin zaiflashib, o’pkadan o’ziga kelayotgan qonni aortaga to’la o’tkaza olmay qoladi, ayni vaqtda yurak o’ng qorinchasidan qonning kichik qon aylanish doirasiga o’tkazilishi davom etaveradi; unda qon kelishi va chiqib ketishi jarayonlaridagi nomutanosiblik oqibatida kichik qon aylanish doirasida qon dimlanib, o’pkada gaz almashinuvi buziladi, qonda karbonat angidrid ko’payadi, bu esa nafas markazlarini ta’sirlab bemor nafasi qisishi, bo’g’ilib qolishiga sabab bo’ladi. Jismoniy yo ruhiy zo’riqish, qattiq ishlash, ortiqroq ovqat yoki suyuqlik iste’mol qilish va boshqalar ko’pincha Yurak astmasi xurujiga olib keladi; ba’zan xuruj kasallik belgisi yoki asorati sifatida namoyon bo’ladi. Xuruj uyquda to’satdan boshlanadi. Bemorga havo yetmay, o’rnidan turib o’tiradi, nafasi qisib, xirillab qoladi, ko’karadi, muzdek ter bosib, halloslaydi, pulsi tezlashadi, o’lib qolayotgandek vahimaga tushadi. Vaqtida yordam ko’rsatilmasa, o’pka alveolalariga chiqqan qon plazmasi “ko’pira boshlaydi”. Bemor og’zidan qizg’ish ko’pik chiqadi va bu ayrim hollarda noxushlik bilan tugashi ham mumkin. Yurak astmasi o’pkada qon dimlanishi tezligi va kuchiga qarab, turli og’irlik va muddat davomida kechadi. Birinchi yordam: xuruj tutganda bemorni oyoqlarini pastga osiltirib o’tqazib qo’yish, derazalarni ochib toza havodan nafas oldirish, oyoqlariga issiq vanna qilish va darhol “tez yordam” chaqirish zarur. Davosi. Bemorning umumiy ahvoli, kasallik alomatlari va hokazolarga qarab buyuriladi, parhez tavsiya etiladi. Xurujdan keyingi davrda muolaja asosiy kasallikni maxsus reja asosida davolashdan iborat.