YURAKNING ISHEMIK KASALLIGI

YURAKNING ISHEMIK KASALLIGI — yurak-tomir sistemasining keng tarqalgan kasalligi; miokard ishemiyasi va koronar qon aylanishining buzilishi bilan kechadi. Yurakning ishemik kasalligiga, asosan, koronar (toj) tomir arteriyalari aterosklerozi natijasida yurak muskullarida qon aylanishining yetishmay qolishi va shu tufayli yurakning qonga yolchimasligi sabab bo’ladi. Yurakning ishemik kasalligiga stenogkardiya (dastlabki, muqim, nomuqim), miokard infarkti, infarktdan keyingi kardioskleroz, aritmik tur va yurak etishmovchiligi kiradi. Yurakning ishemik kasalligi muntazam rivojlanib boruvchi og’ir yurak xastaligi hisoblanadi. Yosh ulg’aygan sari kasallik uchrashi ko’payadi. Yurakning ishemik kasalligi klinik jihatdan bir xilda kechmay, dam zo’rayib, dam bosilib turadi. Ko’pincha Yurakning ishemik kasalligi zimdan kechib, bemor o’zining shunday xavfli kasallikka chalinganini bilmay, shifokorga murojaat qilmay yuradi. Odatda, Yurakning ishemik kasalligining dastlabki klinik belgilaridan biri — zo’riqish stenokardiyasi xuruji bo’lib, jismoniy ish bajarilganda ro’y beradi. Keyinchalik kasallik uzoq davom etishi, hatto yillab cho’zilishi mumkin. Ko’pincha zo’riqish stenokardiyasiga birmuncha vaqtdan keyin tinch holatda ham kuzatiladigan tinch holat stenokardiyasi hurujlari qo’shilishi mumkin. Yurakning ishemik kasalligining kelib chiqishi va rivojlanishiga kishilarning yoshi, kasallikka irsiy moyillik, gipertoniya kasalligi, qandli diabet, semirib ketish, ichkilikka ruju qilish, kashandalik, kam harakat (gipodinamiya), jismoniy hamda ruhiy zo’riqish va boshqalar sabab bo’ladi. Kashandalar o’rtasida Yurakning ishemik kasalligining nisbatan ko’p uchrashi kuzatilgan. Yurakning ishemik kasalligining rivojlanishida, ayniqsa, xolesterinning roli katta. Qonda xolesterin miqdorining oshib ketishi aterosklerozga sabab bo’ladi va bu Yurakning ishemik kasalligi rivojlanish xavfini oshiradi. Yurakning ishemik kasalligining xavfli omilini bartaraf etsa bo’ladigan va bartaraf etib bo’lmaydigan xillari bor. Masalan, ko’krak qisishi (stenokardiya), miokard infarkti, insultni bartaraf etib bo’lmaydi; agar odam bu kasalliklar bilan bir marta og’rib o’tgan bo’lsa, Yurakning ishemik kasalligi rivojlanish xavfi ko’proq bo’ladi. Yurakning ishemik kasalligining dastlabki bosqichi stenokardiya bo’lsa, miokard infarkti uning eng og’ir shaklidir. Stenokardiya bilan bemor uzoq vaqt yashashi mumkin, ammo dastlabki davrida (birinchi uch kun) 20-30% bemorda miokard infarkti kuzatiladi. Miokard infarktining klinik belgilari, odatda, stenokardiya belgilariga o’xshash bo’lib, faqat og’riq uzoqroq va kuchliroq davom etadi. Bunda dastlabki soatlardayoq o’lim ro’y berishi yoki keyinchalik ham jiddiy asoratlar kuzatilishi mumkin. Infarktdan keyingi kardioskleroz, yurak aritmiyasi, yurak yetishmovchiligi aslida Yurakning ishemik kasalligining asoratlari bo’lib, yuraktomir sistemasi kasalliklaridan bo’ladigan nogironlik va o’limning asosiy sabablaridir. Yurakning ishemik kasalligiga gumon qilinganda darhol bemorni kasalxonaga yotqizish zarur. Kasallikning klinik belgilari (kasallik tarixi, bemor shikoyatlari, perkussiya, auskultasiya, umumiy ko’ruv), elektrokardiografiya, yurak muskullariga xos fermentlar va struktura elementlari (kreatinin fosfokinaza izofermentlari, mioglobin va boshqalar) hamda qon tahlili, exokardiografiya va boshqalar tekshiruv natijalariga qarab diagnoz qo’yiladi. Yurakning ishemik kasalligini davolash terapevtik va jarrohlik usulida olib boriladi. Yurakning ishemik kasalligida parhezga rioya qilish muhim ahamiyatga ega. Ovqatning umumiy miqdori va kaloriyasini cheklab, vaznni me’yorida saqlashga harakat qilish, badan tarbiya bilan shug’ullanish, mehnat va dam olishni uyg’unlashtirish, vrach ko’rsatmalariga bekamu ko’st amal qilish lozim. Chekishni tashlash shart. Yurakning ishemik kasalligining oldini olish uchun gipertoniya kasalligi, qandli diabet va boshqalarni davolash zarur. Yurakning ishemik kasalligi bilan og’rigan bemorlar kardiolog shifokor nazoratida bo’lishlari kerak.