YUSUPOV AKROM MAMATOVICH

YUSUPOV AKROM MAMATOVICH (1905.1.5, Quva — 1975.26.11, Toshkent) — tsirk artisti, masxaraboz. O’zbekiston xalq artisti (1961). 8 yoshidan amakisi — dorboz Hotam Madalievdan dorbozlik va muallaqchilikni o’rgangan. 14 yoshidan xalq tsirkchilari truppasida ishlagan. 1920-30 yillarda komik akrobatika, voltijyorlik, turnik ustida mashq bajarish, chavandozlik tomoshalarida qatnashgan. 1942 yildan O’zbek tsirki jamoasi tarkibidagi Toshkanboyevlar dasturida ishtirok etdi va dorbozmasxaraboz sifatida keng taniddi. 1953 yildan klounada sohasida faoliyat ko’rsatib, qadimiy masxaraboxtik va qiziqchilik an’analarini davom ettirib, uni rivojlantirib zamonaviy o’zbek klounadasining eng yaxshi namunalarini yaratdi. Yusupov tomoshalari o’rgatilgan eshak va qo’y ishtirokida o’tadi. Yusupov zamonaviy Xo’ja Nasriddin obrazini gavdalantirdi va o’zining xushchaqchaq va o’tkir zehnli qahramoni bilan betakror komik iste’dodini “ish — 421”, “diplomli eshak”, “pul yoki aql”, “o’quvchi”, “sartarosh”, “taftish”, “boks”, “aqlli jonivor” kabi klounadalarda namoyish etdi. “Sirli kristall”, “Akrom, badjahl xon va quyoncha” kabi tsirk pantomimalarida bosh rollarni ijro etdi. 1970-yillardan Toshkentdagi “sahnadagi tsirk” ijodiy jamoasi bilan hamkorlik qilgan. Muallaq oshish, chavandozlik va dorbozlikni yaxshi egallaganligi tufayli parodiyali masxarabozlikni usta san’atkor sifatida bajarib, tomoshabinlar tahsiniga sazovor bo’lgan. Yusupov so’z va mimika ustasi. U sodda, samimiy, vaziyatga darhol, lekin bamaylixotir baho beruvchi, tadbirkorligini namoyish etuvchi, ishonuvchanligi, tepsatebranmasligi bilan kulgi uyg’otuvchi odam qiyofasini mohirona talqin etgan. Andijon viloyat Marhamat shahri ko’chalaridan biriga Yusupov nomi berilgan. O’g’li Mahmud Yusupov (1930.12.11, Toshkent) — dorboz, akrobat. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist (1964), 1951 yildan Toshkanboyevlar dasturining qatnashchisi.