YUSUPOV IBRAIM

YUSUPOV IBRAIM (1929.5.5, Qoraqalpog’iston, Chimboy tumani azot ovuli) — O’zbekiston va Qoraqalpog’iston (1975) xalq shoiri, O’zbekiston qahramoni (2004). Qoraqalpoq pedagogika institutini tugatgan (1949). Shu institutda o’qituvchi (1949-61), “Amudaryo” jurnali bosh muharriri (1961-62), N. Dovqorayev nomidagi Tarix, til va adabiyot institutida ilmiy xodim, sektor mudiri, Qoraqalpog’iston Yozuvchilar uyushmasining raisi (1965-80), “Sovet Qoraqalpog’istoni” gazetalarining bosh muharriri (1980— 85), Qoraqalpog’iston ma’naviyat va ma’rifat markazining raisi (1985-2000). Dastlabki she’rlari 20-asr 40-yillarining o’rtalarida e’lon qilina boshlagan. 30 dan ortiq she’riy va nasriy to’plamlari bor. “Qirq qiz” (A. Shomuratov bilan hamkorlikda, 1965), “Aktrisaning iqboli” (1967), “Umirbek laqqi” (1971), “Mangu buloq” dramalari, “Ajiniyoz” librettosi muallifi. Yusupovning “Kun chiqish yo’lovchisiga”, “Qoraqapoqni ko’p maqtamang ko’zimcha”, “Qora tol”, “Turnalar” va boshqalar she’rlari qoraqalpoq adabiyotining yuksak namunalaridir. Shuningdek, Yusupovning “Akasiya gullagan joyda”, “Gilamchi xotin haqida haqiqat”, “Dala armonlari”, “Mangu buloq” singari dostonlari ham 20-asr qoraqalpoq adabiyotining eng katta yutuqlari hisoblanadi. “Buloqlar qaynaydi” (1960), “Oltin qirg’oq” (1962), “Dala armonlari” (1967), “Cho’l to’rg’ayi” (1972), “Qora tol” (1988) va boshqalar asarlari o’zbek tilida nashr etilgan. Jahon adabiyoti klassiklarining asarlarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilgan (“Mangu buloqlar”, 1986). Berdaq nomidagi Qoraqalpog’iston Davlat mukofoti laureati (1974).