YUSUPOV MATNIYOZ ABDALNIYOZOVICH
YUSUPOV MATNIYOZ ABDALNIYOZOVICH (1925.1.1, Urganch — 1992.6.10, Toshkent) — kompozitor, sozanda (gijjak), xonanda, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1969). Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1960). Xorazm maqomlari va xalq musiqa merosini o’zlashtirish, soz chalish va ashulachilikni o’rganishda S. Yoqubov, M. Xudoyberganov, K. Otaniyozovlar Yusupovga ustozlik qilishgan. Xorazm viloyat estradasida sozanda (1940-43), 2-jahon urushi qatnashchisi (1943-44), Xorazm teatrida musiqa rahbari (1945-51). Urganch musiqa bilim yurtida direktor (1967-72), “Lazgi” ansamblining badiiy rahbari (1972 74). O’zbekiston radioqo’mitasida musiqa muharriri (1974-85), Toshkent madaniyat institutida dotsent (1985 yildan). Yusupov opera (“Xorazm qo’shig’i”, 1964), balet (“Gulsanam”, 1974), musiqali drama va komediyalar (“G’azal fojiasi”, A. Bobojon pesasi; “Dil ko’zgusi”, H.G’ulom; “Tun va noxun”, Yu. Yusupov; “Muqaddas Diyor”, X.Rasul va boshqalar), simfonik asarlar, “Bilmaguncha”, “Xorazm”, “Bahor navosi”, “Ishq kuyida”, “Hijron”, “Yorimga ayting”, “Qalbi daryo” kabi qo’shiqlar va boshqalar yozgan. Yusupov shirali ovoz sohibi, lirik xonanda bo’lib mumtoz va zamonaviy bastakorlar ashulalarini ijro etgan (“Feruz”, “Qo’sh parda suvora”, “Savti suvora”, “Jonim sadqa”, “Aqlu odobdandur”, “Yozmishlar”, “Dildorim kelur” va boshqalar). Ijrolari O’zbekiston radiosi fonotekasiga yozilgan. Xorazm xalq qo’shiq va kuylari, maqom va suvoralari, Doston qo’shiqlarini, shuningdek, K. Otaniyozov asarlarini to’plab notaga olgan va nashr ettirgan (“O’zbek xalq muzikasi”, 6 jildli, T., 1958; 7 j., T., 1960; Xorazm maqomlari, T., 13 j., 1980-87; “uchirdim shunqor qushimni”, T., 1987). Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1991). As: Mahliyo, T., 1970; Shodiyona, T., 1977; bir diyorki, T., 1981; Guldasta, T., 1985. Otabek Yusupov.