YUSUPOV MAXSUM

YUSUPOV MAXSUM (1912.18.7 Toshkent — 1983.9.3) — O’zbekiston xalq artisti (1964). Toshkent politexnikumini tugatgan (1929). 1932 yildan Hamza teatrida ishlagan. Aktyorlikni ommaviy sahnalarda chiqishdan boshlagan. Yusupov nafaqat salbiy obrazlar, xarakterli rollar, balki qahramononadramatik rollar ustasi sifatida ham tanildi. Yusupov ijodi qahramon ichki kechinmalarini yetkazishga, nutq madaniyati, badiiy yechimga alohida e’tibor berishi bilan ajralib turadi. Laert, Poloniy (U. Shekspir, “Hamlet”), Yo’lchi (Oybek, “Qutlug’ qon”), Norboyvachcha, G’ofir (Hamza, “Xolisxon”, “Boy ila xizmatchi”), Nodir (G. Mdivani, “Nomus”), Baxtiyor (B.Rahmonov, “Yurak sirlari”), G’oyib, Hamdam (Uyg’un, “Qotil”, “Qaltis hazil”), Suqsurov (A.Qahhor, “Tobutdan tovush”), Keldiyev (O’. Umarbekov, “Komissiya”), Roderigo (U.Shekspir, “Otello”), Xondamir (I.Sulton, Uyg’un, “Alisher Navoiy”), Sakkokiy (M.Shayxzoda, “Mirzo Ulug’bek”) kabi rollari bilan Shuhrat qozondi. Yusupov kino (“Farg’ona qizi”da Olimjon, “Suyunchi”da Eshmat va boshqalar) va televideniye (“Nur borki, soya bor”da Soqi Soqiyevich, “Girdob”da partkom va boshqalar) da ham rollar o’ynagan. “Nashtar” kinojurnalining doimiy ijrochilaridan bo’lgan.